Free ebooks Library zlibrary project

Ayni kunlarda xalqaro futbol kuni munosabati bilan Respublikamizning barcha hududlarida futbol festivallari boʻlib oʻtmoqda. Poytaxtimizda joylashgan 102-umumtaʼlim maktabida ham bayram tadbirlari oʻtkazildi. Festival davomida maktab oʻquvchilari Oʻzbekiston milliy va futzal terma jamoalari futbolchilari bilan birgalikda mahorat darslarida ishtirok etishdi. Tadbirning ikkinchi qismida Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi.

Unda yurtimizda futbolni rivojlantirish va ommalashtirish, avvalo, maktablardan boshlanishi taʼkidlandi. Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov endilikda maktablarda futbol taʼlimini yaxshilash, oʻquvchilar oʻrtasidagi musobaqalarni koʻpaytirish va ular orasidan isteʼdodlilarini aniqlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olinishini aytib oʻtdi.

Oʻz oʻrnida OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirib, FIFA, Xalq taʼlimi vazirligi va OʻFA oʻrtasidagi “Maktabda futbol” loyihasi kelajakda yosh futbolchilarni kashf qilishiga xizmat qilishini aytib, maktab oʻquvchilari orasidan professional futbolchilar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

“Futbol bolalarimizni sogʻlom boʻlib voyaga yetishlariga koʻmaklashishdan tashqari, ularda jamoa bilan birgalikda ishlash, yetakchilik va tezkor fikrlash kabi sifatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi”, dedi Ravshan Irmatov.

Uchrashuvda Xalq taʼlimi vazirligi va OʻFA oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida Memorandum imzolandi. Unga koʻra, ommaviy futbolni rivojlantirish, maktablarda oʻgʻil-qizlar oʻrtasida musobaqalarni tizimli oʻtkazib borish, futbol infratuzilmasiga ega Respublikamizning barcha hududlaridagi maktablarda futbol darslarini tashkil etish hamda jismoniy tarbiya oʻqituvchilarini OʻFA tomonidan “C” litsenziyasi boʻyicha murabbiylikka oʻqitish koʻzda tutilgan.

Uchrashuv yakunida maktab oʻquvchilariga Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining esdalik sovgʻalari topshirildi.