Kecha Toshkent shahri mezbonlik qilgan Osiyo chempionlar ligasi “H” va “I” guruhi uchrashuvlari o’z yakuniga yetdi.
“Bunyodkor” va “Lokomotiv” stadionlarida o’tkazilgan bellashuvlarda Sharq mintaqasidan tashrif buyurgan 8 jamoa o’zaro bahs olib bordi.
OFK Bosh kotibi Dato’ Vindsor Jon O’zbekiston futbol assotsiatsiyasiga rasmiy xat yo’llab, mazkur OCHL uchrashuvlari yuqori saviyada tashkil etilganligi uchun OFK nomidan minnatdorchilik bildirdi.
“O’zbekiston futbol assotsiatsiyasini Osiyo chempionlar ligasi bahslarini muvaffaqiyatli tashkil etganligi bilan samimiy muborakbod etamiz.
Shubhasiz, ushbu muvaffaqiyat zamirida O’FAning pandemiya sharoitiga qaramay, yuqori darajadagi tashkilotchilikni ta’minlashdagi fidoyiligi, tirishqoqligi va tinimsiz harakatlari turibdi.
OFK delegatsiyasi va ishtirok etuvchi klublarga ko’rsatgan ajoyib mehmondo’stlik hamda musobaqa davomida barchaning sog’lig’i va xavfsizligini ta’minlash va himoya qilish uchun qilingan barcha tadbirlar uchun O’zbekiston futbol assotsiatsiyasiga minnatdorchilik bildiramiz.
Barchangizga tashakkur!
Osiyo futbol konfederatsiyasi kelgusida O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan o’zaro hamkorlikni davom ettirishdan mamnun”, – deyiladi OFK bosh kotibining rasmiy xatida.
O’z navbatida, O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi Osiyo chempionlar ligasi bahslari va boshqa qit’a musobaqalari mezbonligini O’zbekistonga ishonib topshirganligi uchun Osiyo futbol konfederatsiyaga minnatdorchilik izhor etib, hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga tayyor ekanligini bildiradi.
Ma’lumot o’rnida, O’zbekiston 2022-yilgi U23 Osiyo kubogi, 2023-yilgi U20 Osiyo kubogi hamda ayollar o’rtasidagi U20 Osiyo kubogi-2024 bellashuvlariga mezbonlik qiladi. Shuningdek, ayollar futboli bo’yicha 2022-yilgi qit’a birinchiligi uchun o’tkaziladigan Saralash bosqichi bahslari ham aynan yurtimiz maydonlarida bo’lib o’tadi.