Bugun Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh kotibi Dato’ Vinsdor Jon boshchiligida qit’amizdagi futbol hakamligi masalalariga bag’ishlangan Hakamlar qo’mitasi yig’ilishi video-konferensiya shaklida o’tkazildi.
Unda O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirok etdi. Dastlab 2020-yilda bo’lib o’tgan musobaqalar qo’mita a’zolari tomonidan atroflicha tahlil etildi va xulosalar chiqarildi.
2021-yilda hakamlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo’yicha amalga oshiriladigan ishlar, kelgusidagi seminarlar va konferensiyalar sanasi va joylari muhokama qilindi.
VAR hakamlari tayyorgarligiga alohida e’tibor berildi. Eng katta konfederatsiyalardan biri bo’lmish OFKga a’zo mamlakatlardan faqatgina 8 tasi VAR tizimidan foydalanayotgani ushbu tizimni qit’amizda yanada rivojlantirishga undaydi. Shuningdek, keyingi mavsumdan e’tiboran O’FA ham mazkur tizimdan foydalanishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari, qi’ta futzalida yuqori tajribaga ega, yetuk yo’riqchilar nomzodlarini OFK futzal instruktorlari komissiyasiga qabul qilish taklif etildi.