Free ebooks Library zlibrary project

Bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov boshchiligida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, OʻFA ijroqoʻm aʼzolari va professional futbol klublari vakillari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda OʻFA rahbariyati tomonidan har bir jamoada mavjud muammolar tinglandi. Ularni moddiy, tashkiliy va texnik masalalarda qoʻllab-quvvatlash mavzusi koʻtarildi. Klublar terma jamoalar bilan hamjihat ishlagan holda isteʼdodli futbolchilarni tarbiyalashi ustuvor vazifa etib belgilandi.

Murabbiy va masʼullar shubhali oʻyinlarga aralashmaslik borasida jiddiy ogohlantirildi. Klublar vakillari tomonidan koʻtarilgan muammoli masalalar tinglandi va ularni hal etish borasida OʻFA masʼullariga aniq topshiriqlar berildi.

Suhbat davomida murabbiylar malakasini oshirish, klubda rahbar va murabbiy vakolatlarini tartibga keltirish, yosh futbolchilar yetishtirishga yanada jiddiy eʼtibor qaratish, VAR tizimini hamda translyatsiyalar sifatini takomillashtirish masalasida texnik taʼminotni kuchaytirish vazifasi qoʻyildi. Stadionlarning yoritish uskunalarini toʻlaqonli jahon standartlariga moslash ishlarini yakuniga yetkazish belgilandi.

Kelayotgan 2023-yilda muxlislarda futbolimizga boʻlgan ishonch va qiziqishni oshirish, sifatli, tomoshabob futbol orqali homiylarni jalb etib, klublarni xususiylashtirishga bosqichma-bosqich erishish zarurligi taʼkidlandi.