Free ebooks Library zlibrary project

Bugun O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov boshchiligida ijroqo‘m yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglandi. Shuningdek, terma jamoalarning masʼuliyatli o‘yinlar oldidan tayyorgarlik rejasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston mezbonlik qiladigan OFK tasnifidagi yirik turnirlarga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rish masalasi ilgari surildi. Terma jamoalar uchun zamonaviy infratuzilma qurilishi jarayoni bo‘yicha maʼlumot berildi.

Shundan so‘ng Abdusalom Abdumavlonovich barcha klublar rahbarlari va bosh murabbiylari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda O‘FA rahbariyati tomonidan har bir jamoada mavjud muammolar tinglandi. Ularni moddiy va tashkiliy masalarda qo‘llab-quvvatlash mavzusi ko‘tarildi. Shuningdek, so‘nggi paytlarda chempionatlarda ko‘p uchrayotgan tartibsizliklar tanqid qilindi.

Murabbiylar kelishilgan o‘yinlar kabi illatlarga aralashmaslik borasida jiddiy ogohlantirildi. Klublar vakillari tomonidan ko‘tarilgan muammoli masalalarda O‘FA masʼullariga topshiriqlar berildi. Trenerlar malakasini oshirish, klubda rahbar va murabbiy vakolatlarini tartibga keltirish, yosh futbolchilar yetishtirishga yana-da jiddiy eʼtibor qaratish, saviyasiz legionerlar muammosini bartaraf etish, VAR tizimini takomillashtirish hamda stadionlarning yoritish uskunalarini jahon standartlariga moslash kabi masalalarda vazifalar belgilandi.