Oʼzbekistonda futbolni 2030-yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasini 2019–2020-yillarda amalga oshirish boʼyicha “Yoʼl xaritasi”da Futbolda sharhlovchilik sohasini kuchaytirish, ushbu yoʼnalishda isteʼdodli kadrlarni tayyorlash, malaka oshirish tizimini yoʼlga qoʼyish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratib oʼtilgan.
Ushbu belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida kuni kecha Oʼzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida taniqli sport sharhlovchilari Xayrulla Hamidov, Davron Fayziev va Diyor Imomxoʼjaev ishtirokida mahorat darsi boʼlib oʼtdi. Qiziqarli va ochiq muloqot tarzida oʼtgan uchrashuvda dasturda koʼzda tutilgan sport jurnalistikasi, xususan, futbol sharhlovchiligi sohasini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Unda jurnalistika sohasiga endigina kirib kelayotgan, sharhlovchilik faoliyatiga qiziqishi bor yoshlar ishtirok etishdi va soha yuzasidan oʼzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Dastlab, sharhlovchilarning har biri soʼz olib, boʼlgʼusi jurnalistlarga sharhlovchi faoliyatining oʼziga xos jihatlari xususida gapirib oʼtishdi. Soʼngra, mahorat darsi savol-javob tarzida davom etdi. Uchrashuv soʼngida bu kabi oʼquv-mashgʼulot darslarini muntazam ravishda oʼtkazib turish boʼyicha kelishib olindi.