“Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida belgilangan qator vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hududlardagi bolalar-oʼsmirlar sport maktablarining futbol boʼlimlari faoliyati, futbol mahorat maktablari, ixtisoslashtirilgan futbol maktablarida mavjud shart-sharoitlarni yaqindan oʼrganish, ularning infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash borasida ish olib bormoqda.
Hududlarda bu boradagi mavjud vaziyatni toʼliq oʼrganib chiqish maqsadida OʼFА va sport vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tuzilgani haqida oldinroq xabar bergan edik.
Mutaxassislar bu safar Аndijon viloyatida boʼlib, bolalar va oʼsmirlar futbolidagi shart-sharoit, kamchiliklar bilan tanishib chiqishdi.
Dastlab ishchi guruh Baliqchi, Oltinkoʼl, Аsaka va Marhamat tumanlarida boʼldi. Shuningdek, Ulugʼnor, Boʼz, Shahrixon, Buloqboshi, Xoʼjaobod, Jalaquduq, Qoʼrgʼontepa, Аndijon, Paxtaobod hamda Izboskan tumanlariga ham tashrif buyurilib, bolalar-oʼsmirlar sport maktablari futbol boʼlimlarining ish-faoliyati, futbol toʼgaraklarining zarur inventarlar bilan taʼminlanganligi, murabbiylarning zamonaviy metodlar asosida mashgʼulotlar olib borayotgani, yosh futbolchilarning shugʼullanadigan maydonlar holati atroflicha oʼrganildi.
Аndijon viloyatida faoliyat olib borayotgan 16 ta bolalar-oʼsmirlar sport maktablari, qolaversa Viloyat futbol mahorat maktabida yosh futbolchilarga “millionlar oʼyini”dan saboq berayotgan murabbiylar bilan ham suhbatlashib, ularning taklif va tavsiyalari oʼrganildi, murabbiylar malakasini oshirish boʼyicha oʼtkaziladigan oʼquv-kurslarini koʼproq tashkil etish masalasida ham fikrlar bildirildi.