Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes:
— Hammaga assalomu alaykum. Ertangi oʻyin ham har doimgi kabi oʻrtoqlik uchrashuvi hisoblanadi. Bugunga kelib toʻliq tarkib yigʻildi. Lekin oʻylaymanki, biz ertangi uchrashuvda ham oʻz oʻyinimizni namoyish eta olamiz.
Osiyo kubogi haqida
— Rejalarga katta taʼsir qildi, deya olmayman. Biz har qanday vaziyatga moslashishimiz talab etiladi. Buning ijobiy tomoni ham bor. Biz koʻproq oʻyinlar oʻtkazib, tayyorgarlikni mustahkamlashimiz mumkin. Yana bir yaxshi tomoni, bizda chempionat noyabrda tugaydi. Biz Osiyo kubogiga tayyorgarlik koʻrib, yaxshi formada yetib boramiz.
Soʻnggi daqiqalar haqida
— Bu barcha jamoalar bilan sodir boʻladigan muammo. Dunyoning eng yaxshi jamoalari ham oxirgi daqiqalarda gol oʻtkazib yuborishi mumkin. Futbol oʻzgarib bormoqda. Futbolchilar oxirgi daqiqalarda charchab qolishi mumkin. Shu sababli konsentratsiya yoʻqololadi. Umuman olganda, biz oʻsha oʻyinda himoyadagi xatolarimiz tufayli oʻyin soʻngida gol oʻtkazib yubordik.
Qozogʻiston TJ haqida
— Bu jamoani hurmat qilaman. Biz ularning oʻyinlarini tahlil qildik. Menga ularning oʻyini yoqdi. Ertaga oson boʻlmaydi. Biz uchun bu oddiy oʻrtoqlik uchrashuvi, biz oʻz oʻyinimizni namoyish etamiz. Oʻylaymanki, raqiblarimizning agressiv oʻyiniga qarshi oʻzimizning aqlli oʻyinimizni namoyish eta olamiz.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Odiljon Hamrobekov:
Qozogʻiston bilan oʻyin haqida
— Bu hech qanday ajratib oʻtadigan oʻyin emas. Bu navbatdagi oʻrtoqlik uchrashuvi. Oldimizda turgan yoʻlimizdagi galdagi oʻyin, deya olaman. Maqsad — xatolarni koʻrib chiqib, ularni toʻgʻrilashdan iborat.
Eng kuchli yarimhimoya chizigʻi haqida
— Yarimhimoyamiz Ahmedov, Haydarov, Jeparov va Kapadzelar harakat qilgan davr eng kuchli chiziq boʻlgan, deb hisoblayman. Hozirga kelib, murabbiy va futbolchilar bilan bu pozitsiyani mustahkamlash uchun harakat qilyapmiz.