Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekistonda futbolni ommalashtirish yoʻlida olib borilayotgan ishlar hamda mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishga oid masalalarni muhokama qilish maqsadida FIFA bosh kotibi Fatma Samura boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurgani haqida xabar bergandik.

Bugun Fatma Samura FIFA koʻmagida Toshkent viloyatida qad rostlayotgan Oʻzbekiston Terma jamoalari markazini koʻzdan kechirish uchun qurilish maydoniga tashrif buyurdi.

OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov mazkur bazadan oʻrin olgan obyektlar, xususan, futbolchilar istiqomat qilishi uchun moʻljallangan mehmonxona, mashgʻulot maydonchasi va zallari, stadion loyihasi haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadigan tibbiy-tiklanish markazi, kutubxona, restoran, yashil hudud kabi obyektlarning aynan ushbu bazadan joy olishi aytildi.

Bundan tashqari, ushbu markazni xalqaro standartlar asosida bunyod etish, jihozlash va faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida bir nechta davlatlarning tajribalaridan keng foydalanilayotgani qayd etildi.

Oʻz oʻrnida FIFA Bosh kotibi ham mazkur qurilish loyihasi haqida ijobiy fikrda ekanligini aytib, bir nechta masalalar yuzasidan oʻzining takliflarini bildirdi.