Bugun Oʻzbekiston ayollar milliy terma jamoasi Toshkentda oʻquv-mashgʻulot yigʻilarini boshladi. Vakillarimiz fevral oyida Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarining Osiyo mintaqasi 3-saralash bosqichi doirasida Avstraliya terma jamoasiga qarshi ikkita uchrashuv oʻtkazadi.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov bosh murabbiy Midori Honda bilan futbolchilarning ayni paytdagi holati va imkoniyatlari xususida suhbatlashdi. Ayollar terma jamoasi oldida juda muhim vazifa turganini ta’kidlab, bu yoʻlda OʻFA tomonidan barcha sharoitlar taqdim etilishini maʼlum qildi.
Eng asosiy maqsadimiz Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish. Buning uchun munosib tayyorgarlik koʻrishimiz kerak. Avstraliyani magʻlub etishga sizning kuchingiz yetadi. Jamoa avvalgi uchrashuvlarda nimalarga qodir ekanligini koʻrsata oldi. Butun diqqat-e’tiborimizni ushbu bahsga qaratishimiz shart. Sizga butun O‘zbekiston ishonyapti va umid qilyapti. Sizlar ko‘plab yosh qizlarga sport bilan shug‘ullanishda o‘rnak bo‘lyapsiz. Tarix yozish vaqti keldi – dedi R.Irmatov.
Uchrashuv yakunida O‘FA birinchi vitse-prezidenti bo‘lajak o‘yinlarda jamoaga omad tiladi.