Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida Turkiyada boʻlib oʻtgan Jahon Chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Oʻzbekiston amputantlar terma jamoasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda OʻFA rahbariyati, Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ravshan Irmatov amputantlar terma jamoamizni OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, qolaversa, butun futbol jamoatchiligi nomidan Jahon Chempionatidagi munosib ishtirok bilan tabrikladi. Ushbu natijaning ortida ulkan iroda va matonat turganini aytib, bu futbolchilar xalqimizni mehrini qozongani, yoshlarimizga esa haqiqiy namuna va oʻrnak boʻlganini taʼkidlab oʻtdi. Vatan shaʼni va obroʻ-eʼtiborini qanday himoya qilish kerakligini yana bir bor barchaga namoyish qilganini eʼtirof etdi.

Uchrashuv davomida vazir o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov jamoaning mundialda qayd etgan natijalariga to’xtalib, musobaqa davomida jamoamiz Kolumbiya, Italiya, Ispaniya kabi jamoalarni magʻlub etilganini alohida ta‘kidlab o‘tdi. Shuningdek, Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi Avaz Karimov jamoaning koʻrsatgan oʻyini tahsinga sazovor ekanligini aytib, futbolchilarni samimiy tabrikladi.

Jamoamizning keyingi musobaqalarda yanada yuqori natijalar qayd etishiga ishonch bildirildi. Bundan tashqari, faoliyatini murabbiy sifatida davom ettirish istagida boʻlgan terma jamoa vakillariga O‘FA tomonidan murabbiylik kurslarida bepul oʻqish imkoniyati taqdim etilishi maʼlum qilindi. Yurtimizda o’tkaziladigan yirik musobaqalar doirasidagi uchrashuvlarni tomosha qilish uchun jamoa a‘zolariga maxsus joylar ajratilib, boshqa terma jamoalar bilan tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Oʻz navbatida, jamoa nomidan terma jamoa bosh murabbiyi Rustam Mehmonov oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi va samimiy qutlovlar uchun minnatdorchilik bildirdi. Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston amputanlar terma jamoasining 3 nafar faxriy aʼzosiga “Oʻzbek futboli rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni taqdim etildi. Tadbir yakunida terma jamoaning barcha aʼzolari OʻFA belgisi va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.