Xabaringiz bor, 17-28-aprel kunlari Tailandda futzal boʻyicha Osiyo kubogi bahslari boʻlib oʻtadi. Unda qitʼamizning eng kuchli jamoalari bosh sovrin uchun kurash olib boradilar. Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi musobaqaning guruh bosqichida Saudiya Arabistoni, Iroq va Avstraliya vakillariga qarshi bahs olib boradi.
Bugun OʻFA rahbariyati va futzal mutasaddilari mazkur yirik musobaqa oldidan Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi aʼzolari bilan uchrashdi. Uchrashuv avvalida oldimizda turgan ushbu musobaqaning masʼuliyati haqida fikr bildirildi. Unga yetarlicha tayyorgarlik koʻrilgani, bir qancha yigʻinlar va xalqaro uchrashuvlar tashkil etilgani qayd etildi. Futzal terma jamoamiz yirik turnirlarda muntazam ishtirok etib kelayotgani aytilib, bu galgi turnirda ham munosib ishtirok etgan holda yuqori oʻrinlarni egallashiga tilak bildirildi.
Butun xalqimiz, futbol jamoatchiligi va muxlislar musobaqa davomida jamoamizni qoʻllab-quvvatlashi, vakillarimiz esa birdam boʻlib, Vatanimiz sharafi uchun kurashishi va yurt obroʻsini xalqaro maydonda munosib himoya qilishi kerakligi, shuningdek, yurtimiz mezbonligida o‘tadigan Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish muhimligi taʼkidlandi.
Oʻz oʻrnida jamoa bosh murabbiyi Xose Venansio Lopes va jamoa sardori Dilshod Rahmatov ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtishdi. Uchrashuv yakunida OʻFA rahbariyati masʼuliyatli turnir oldidan yana bir bor jamoamizga omad tiladi.
Eslatib oʻtamiz, vakillarimiz Osiyo kubogidagi ishtirokini 17-aprel kuni Avstraliyaga qarshi oʻyin bilan boshlaydi.