Tashrif avvalida viloyat hokimi Toʻra Bobolov ishtirokida uchrashuv tashkil etilib, viloyatda futbol ommaviyligini oshirish va bolalar-oʻsmirlar futbolini yanada rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakdagi istiqbolli loyihalar muhokama etildi.
Shundan keyin, OʻFA mutasaddi va mutaxassislari viloyat futbol assotsiatsiyasi ish faoliyati, futbol infratuzilmasi va mavjud shart-sharoitlar bilan tanishib chiqdilar. Viloyat miqyosida bolalar futbolining infrastrukturasi yuzasidan fikr almashildi. Surxondaryodan ko’plab iste’dodli futbolchilar yetishib chiqayotganini inobatga olib viloyatda yana bir akademiyani ishga tushirish maqsadga muvoffiq ekani ta’kidlandi.
Tashrif davomida Ravshan Ermatov viloyatdagi markaziy stadion, akademiya hamda bazaning qurilish-rekonstruksiya ishlarini loyihasi bilan yaqindan tanishib, bo’lajak qurilish joylarini koʻzdan kechirdi.
Masʼullar bilan boʻlgan suhbatda akademiyaning qurilish ishlarini jadallashtirish, sifatli futbol maydonlarini barpo etish, inshootning yotoqxona va oshxonalarini zamon talablariga mos ravishda jihozlash, shuningdek, Yevropa akademiyalari kabi barcha talablarga javob beradigan sharoitlarni tashkillashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.