Free ebooks Library zlibrary project

2024-yilgi futzal boʻyicha Jahon chempionati turnirining logotipi Oʻzbekistonning FIFA turnirini qabul qiluvchi birinchi Markaziy Osiyo mamlakatiga aylanish yoʻlidagi yana bir hayajonli bosqichda taqdim etildi.

FIFA tomonidan oʻninchi bor tashkil etilayotgan turnir joriy yilning 14-sentyabr – 6-oktyabr kunlari oʻtkaziladi. Mazkur turnirning rasmiy logotipi anʼanaviy va oʻzbek oshxonasida ishlatiladigan qalampirdan ilhom olgan holda ishlangan. “Tezlik sohiblari” konsepsiyasi asosida yaratilgan brendning mohiyati futzalning tezkor, yuqori templi va dinamik tabiatini aks ettiradi. Rasmiy logotip esa FIFAning futzal boʻyicha Jahon kubogi sovrini shaklida tayyorlangan boʻlib, uning yuqori qismidan to‘p va qalampir shaklidagi tasvir oʻrin olgan.

“Markaziy Osiyoda FIFAning birinchi turniri oʻtkazilmoqda. Oʻzbekistondagi futzal boʻyicha FIFA jahon chempionati nafqat futzal tarixidagi muhim voqeaga aylanadi, balki jamoalar va muxlislar uchun koʻplab qiziqarli va kata sport tadbirlarini o‘tkazayotgan ushbu mintaqa uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi” – dedi FIFA turnirlarini o‘tkazish bo‘yicha direktori Jaime Yarza.

“Turnir logotipi juda yorqin ranglarda, jozibador va zamonaviy qilib ishlangan. Unda haqiqiy sharqona va o‘zbekona koloritni his etish, shuningdek, O‘zbekistonning madaniy merosi va tarixiy qadriyatlari uyg‘unligi ham aks ettirilganini ko‘rish mumkin” – deya ta’kidladi O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov.

Rasmiy brend Samarqandning muhtasham va tarixiy Registon maydonida 26-may kuni jamoatchilikka taqdim etiladi. Shuningdek, ushbu sanada 24 ta ishtirokchi jamoalar uchun guruh bosqichiga qurʼa tashlash marosimi oʻtkaziladi. Bu 2024-yil may oyida FIFA tomonidan futzal boʻyicha erkaklar va ayollar milliy terma jamoalari reytingi tuzilganidan keyingi birinchi qurʼa boʻladi. Mazkur musobaqaning besh karra gʻolibi Braziliya, amaldagi jahon chempioni – Portugaliya, Ispaniya, Eron Islom Respublikasi va Argentina birinchi savatchadan joy oladi va qolgan jamoalar ham reytingdagi oʻrinlariga qarab savatchalarga ajratiladi.

Ushbu musobaqada Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakati ishtirok etishi quvonarli va ajoyib holat. Bular O‘zbekiston, 2024-yil aprel oyida 13-marta futzal boʻyicha Osiyo chemponati bosh sovrinini qoʻlga kiritgan Eron Islom Respublikasi, futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotgan Tojikiston va Afgʻoniston terma jamoalari hisoblanadi. Shu bilan birga, 2024-yilgi musobaqa Qozogʻistonning turnirdagi qatorasiga uchinchi ishtiroki boʻladi.

Poytaxt Toshkent, Andijon hamda qadimiy Ipak Yoʻlining savdo markazi boʻlgan Buxoro shaharlari musobaqaga mezbonlik qiladi. Oʻzbekiston esa Gonkong (1992), Xitoy Taypeyi (2004) va Tailanddan (2012) soʻng futzal boʻyicha FIFA Jahon chempionatini qabul qiladigan OFKning toʻrtinchi mamlakatiga aylanadi.

Futzal boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi FIFA Jahon chempionatida ilk bor 2016-yilda ishtirok etgan. Shuningdek, 2021-yilgi musobaqada 1/8 final bosqichiga qadar yetib bordi va Eron Islom Respublikasiga 8-9 hisobida magʻlub boʻlgan holda kuchli 16 jamoa qatoridan joy oldi. “Oʻq boʻrilar” toʻrt marta furzal boʻyicha Osiyo kubogida finalgacha yetib borgan hamda oxirgi beshta qitʼa turnirda sovrinli oʻrinlarni olib kelmoqda. Jumladan 2024-yilgi turnirda terma jamoamiz bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Oʻzbekiston mezbonlik qiladigan futzal boʻyicha FIFA Jahon chempionati–2024 da ishtirok etadigan barcha jamoalar: Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Angola, Argentina, Braziliya, Kosta-Rika, Xorvatiya, Kuba, Fransiya, Gvatemala, Eron Islom Respublikasi, Qozogʻiston, Liviya, Marokash, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Panama, Paragvay, Portugaliya, Ispaniya, Tojikiston, Tailand, Ukraina va Venesuela.