Free ebooks Library zlibrary project

Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha taʼlim muassasalari, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, 2020 yil 16 martdan boshlab nomaʼlum muddatga yopilgan edi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF–5969-sonli «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʼyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi Farmoniga muvofiq, koronavirus pandemiyasi munosabati bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirining buyrugʼiga koʼra tizimdagi sport taʼlim muassasalarida masofaviy taʼlim jarayoni tashkil etilmoqda.

Shu munosabat bilan, vazirlik tizimidagi Oʼzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda Olimpiya va milliy sport turlari boʼyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida joriy yilning 30 martidan boshlab barcha taʼlim jarayonlari masofadan – uydan turib amalga oshirilyapti.

Maʼlumki, umumtaʼlim fanlaridan OʼzMTRK tizimidagi telekanallar orqali televizion darslar berib borilmoqda. Shu bois endilikda umumtaʼlim fanlaridan tashkil etilgan televizion darslarni oʼquvchilar muntazam koʼrib borishlari va fanlarni oʼzlashtirishlari boʼyicha har kunlik monitoring tegishli sinf rahbarlari tomonidan, oʼquvchining uyiga bormagan holda amalga oshiriladi.

Shuningdek, har bir sport taʼlim muassasasida ham oʼquvchilar uchun amaliyot jarayonlarini masofadan turib amalga oshirish choralarini koʼrish maqsadida oʼquv rejasi ishlab chiqildi va trener-oʼqituvchilar tomonidan oʼzlariga biriktirilgan oʼquvchilarga sport mashgʼulotlari jadvalidan kelib chiqib, masofadan turgan holda har kunlik vazifalar berib borilmoqda va berilgan vazifalar hamda normativlarni oʼquvchilar tomonidan bajarilishi nazorat ostiga olindi.

Oʼzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabalari uchun universitet professor-oʼqituvchilari tomonidan bahorgi semestrda oʼtiladigan fanlar boʼyicha elektron resurslar yaratilmoqda.

Jumladan, universitetda mavjud kafedralarning ijtimoiy tarmoq (telegram messenjeri)dagi kanallari tashkil etilib, talabalar uchun bahorgi semestrda oʼtiladigan fanlar boʼyicha maʼlumotlar (maʼruza matnlari, videomashgʼulotlar, slaydlar va h.k.) joylab borilmoqda.

Ushbu maʼlumotlar universitetning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari hamda @masofaviytaʼlimuzdjtsu telegram kanalida ham berib borilishi yoʼlga qoʼyildi.

Bundan tashqari, universitet oʼquv-uslubiy boʼlimi va kafedralari tomonidan talabalarni bahorgi semestrda oʼqitiladigan fanlar boʼyicha masofaviy baholash hamda bitiruvchi bosqich talabalarining davlat imtihonlarini masofaviy oʼtkazish mezonlari ishlab chiqilmoqda.

Bir soʼz bilan aytganda, respublikamizdagi sport taʼlim muassasalaridagi taʼlim jarayoniga koronavirus ortiq xavf sololmaydi. Oʼquvchilar va talabalar oʼz uylarida odatiy dars jarayonlariga qaytmoqda. Shu bilan birga oʼquvchi va talabalar tomonidan oʼquv-mashgʼulotlarning oʼzlashtirilishi doimiy tarzda monitoring qilib boriladi.

Milliy olimpiya qo’mitasi – Olympic.uz