Maʼlumki, hozir butun dunyo koronavirusga qarshi kurashmoqda. Sir emaski, bu epidemiya hayotimizning deyarli barcha jabhalariga taʼsir koʼrsatdi, hususan sport sohasi va u bilan bogʼliq barcha tadbirlar ham bekor qilindi yoki boshqa vaqtga koʼchirildi. Shu yil yozda Tokio-2020 Olimpiya oʼyinlari oʼtkazilishi lozim edi. Biroq olimlar “pandemiya” deb baholayotgan koronavirus Olimpiya oʼyinlariga ham oʼz taʼsirini koʼrsatdi.
Shu munosabat bilan Xalqaro Olimpiya qoʼmitasi prezidenti Tomas Bax, Yaponiya hukumati va Tokio-2020 Olimpiya oʼyinlari tashkiliy qoʼmitasi Tokioda oʼtajak XXXII yozgi Olimpiya oʼyinlarini 2021 yilga koʼchirilgani haqida rasman eʼlon qilishdi.
Аyni paytda butun dunyoda ancha ogʼir vaziyat hukmron, barchamiz qiyin kunlarni boshdan kechirmoqdamiz. Bunday kunlarda har birimiz uchun qoʼllab-quvvatlash, yordam berish va oʼzaro tushunish juda muhim sanaladi. Shu kunlarda Oʼzbekiston Milliy olimpiya qoʼmitasi oʼzaro qoʼllab-quvvatlash maqsadida, yaqin hamkorlikdagi Milliy olimpiya qoʼmitalariga xat yubordi. Taʼkidlash joizki, qoʼmitaning ichki faoliyati va boshqa davlatlar Olimpiya qoʼmitalari bilan yaqin hamkorligi toʼxtab qolgani yoʼq. Oʼzbekiston MOQ xodimlari oʼz vazifalarini bajargan holda, faoliyatlarini onlayn tizimda davom ettirib masofadan ishlamoqdalar.
MOQ
Olympic.uz