Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya Qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston futbol federatsiyasi sobiq prezidenti Mirabror Zufarovich Usmonov 1947-yilning 4-iyul kuni tavallud topgan edi.
Mirabror Zufarovich 2006-2017-yillar mobaynida Oʻzbekiston futbol federatsiyasi rahbari sifatida, 2013-2017-yillarda Milliy Olimpiya qoʻmitasi, 2015-2018-yillar davomida esa Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi prezidenti sifatida samarali faoliyat olib bordi.
Mirabror Usmonov rahbarlik yillarida milliy sportimiz, xususan futbol Osiyo qitʼasida oʻz obroʻ va eʼtiboriga ega boʻldi. Jumladan, Oʻzbekiston yoshlar hamda oʻsmirlar terma jamoalari 5 bora Jahon chempionatlarida ishtirok etishga muvaffaq boʻldi. Qolaversa, mamlakatimiz turli yosh toifalarida 5 ta Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Shuningdek, Mirabror Usmonov tashabbusi bilan yurtimizda mavjud infratuzilma yaxshilandi, bir nechta stadionlar, sport inshootlari barpo etildi.
Yurt sporti rivoji yoʻlidagi xizmatlari uchun Mirabror Zufarovich “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati”, “Doʻstlik” ordenlari bilan taqdirlangan.
Oʻz ishining chin fidoyisi sifatida katta hurmatga sazovor boʻlgan Mirabror Zufarovich oʻzbek futbolining rivoji yoʻlida ulkan ishlarni amalga oshirganini milliy sportimiz jamoatchiligi aslo unutmaydi.