Free ebooks Library zlibrary project

Qirgʻiz Repsublikasining Issiqkoʻl viloyatida Markaziy Osiyoning turkiyzabon davlatlari futbol assotsiatsiyalari mutasaddilari ishtirokida sammit boʻlib oʻtdi. Assotsiatsiyalar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishga qaratilgan uchrashuvda Oʻzbekiston futbol assosiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ishtirok etdi.

Ochiq va konstruktiv ruhda oʻtgan ushbu uchrashuvda tomonlar har bir futbol assotsiatsiyasining muvaffaqiyatli rivojlanishining asosiy omillari infratuzilmani yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish va yetarli mablagʻ bilan taʼminlash ekanini taʼkidlab, har bir futbol assotsiatsiyasining muvaffaqiyati mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdilar.

Bundan tashqari, futbolchilar va hakamlar yigʻinlarini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan infratuzilmani barpo etish boʻyicha oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Yigʻilish ishtirokchilari xalqaro miqyosdagi turnirlarni, jumladan, turli yosh toifasidagi jamoalar oʻrtasidagi jahon chempionatlarini birgalikda tashkil etish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar.

“Muxlislarimiz mintaqaviy musobaqalarni va derbilarni qanchalik sog‘inganini 32 yilda birinchi bor o‘tkazilgan CAFA Nations Cup turniri ko‘rsatib berdi. Biz birgalikda, tashabbus ko‘rsatgan holda mintaqa futbolini rivojlantirishimiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi futbol an‘analarini yanada mustahkamlashimiz mumkin. Qozog‘iston vakillari UEFA tajribasidan, biz o‘z navbatida OFK bilan hamkorlikdan unumli foydalanib, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlanish loyihalarini amalga oshira olamiz” – dedi Ravshan Irmatov.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha oʻzaro hamkorlik bayonnomasini tuzish va imzolash, uning asosida ishchi guruh tuzish, keyinchalik ushbu mamlakatlarda futbolni rivojlantirish dinamikasini yaxshilash boʻyicha ish olib borishga qaror qilindi. Assotsiatsiyalar rahbarlari hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.