Bugun O’FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov raisligida hududlarda futbolni rivojlantirish bo’yicha olib borilayotgan ishlar va mavjud kamchiliklarlarni tahlil etishga bag’ishlangan yig’ilish o’tkazildi.

Videoanjuman shaklida o’tkazilgan yig’ilishda hududiy futbol assotsiatsiyalari birinchi vitse-prezidentlari, texnik direktor, futbol akademiya direktorlari va bolalar-o’smirlar futboli bo’yicha mas’ul mutaxassislar o’z hududida yil davomida amalga oshirilgan ishlar bo’yicha hisobot berdi.

Hududlardagi futbol akademiyalari faoliyati, xususan yosh tarbiyalanuvchilar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, turli yosh toifasidagi O’zbekiston terma jamoalari va klublar uchun futbolchilarni tayyorlab berish ko’rsatkichlari tahliliy ma’lumotlar asosida muhokama etildi.

Unga ko’ra hududlarda o‘tkazilayotgan bolalar, o‘smirlar va ommaviy futbol tadbirlarini nazorat qilish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi, aksariyat murabbiylarning malakalari yetarli darajada emasligi, iqtidorli bolalarni aniqlash bo’yicha seleksioner trenerlarni biriktirish ishlari juda sust ekanligini hamda musobaqa va mashg’ulotlarda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishdagi kamchiliklar keskin tanqid qilindi.

O’FA birinchi vitse-prezidenti tomonidan hududlarda terma jamoalar uchun mahoratli futbolchilarni yetishtirib berish, yoshlarning tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratish, to’g’ri ovqatlanish, sifatli vitaminizatsiyani yo’lga qo’yish hamda musobaqalar va o’quv-yig’in mashg’ulotlar tahlilini olib borish zarurligi bo’yicha mas’ullarga topshiriq berildi. Murabbiylar o’z qo’l ostidagi yosh tarbiyalanuvchilarning o’sish va pasayish dinamikasini monitoring qilish va bu orqali aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va poytaxtimiz futbol akademiyalarida qurilish-rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish, sifatli futbol maydonlarini barpo etish hamda yotoqxona va oshxonalarni zamon talablariga mos ravishda jihozlash bo’yicha mas’ullarga ko’rsatma berildi.