Free ebooks Library zlibrary project

Bugun OʻFAda texnik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida FIFA vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov, FIFA texnik departamenti bosh mutaxassisi Mishel Sablon, belgiyalik taniqli mutaxassis Gi Kiala hamda masʼul mutasaddilar ishtirok etdi. OʻFA rahbari Oʻzbekistonda sportga, xususan, futbolga qiziqish yuqori ekanligini qayd etib, barcha terma jamoalarimiz oldiga yuqori maqsadlar qoʻyilganini taʼkidladi. Bu borada xalqaro tajribaga ega mutaxassislar bilan texnik hamkorlik qilish yurtimiz futbolini Yevropa standartlari asosida shakllantirishga xizmat qilishini eʼtirof etdi.

Avvalo xorijda katta tajriba toʻplagan mutaxassislar bilan hamkorlikni boshlashdan xursandmiz. Futbol — butun xalqimiz sevib tomosha qiladigan sport hisoblanadi. Hurmatli Prezidentimiz futbolga katta eʼtibor qaratyapti. Muxlislarimiz ham juda talabchan, ular Osiyo kubogidagi ishtirokimizga tanqidiy munosabat bildirildilar. Ana shu tanqidlardan yetarlicha xulosa chiqarib, Sizlarning yordamingiz bilan mamlakatda futbolni rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Gʻoya va takliflaringizni amalga oshirish yoʻlida bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Eskicha ishlash, loqaydlikka yoʻl qoʻyishga endi haqqimiz yoʻq, dedi OʻFA rahbari.

FIFA texnik departamenti bosh mutaxassisi Mishel Sablon murabbiylar taʼlimi, terma jamoalar, OʻzPFL, akademiyalar faoliyati, bolalar, ommaviy va ayollar futboli, shuningdek, futzal, sport tibbiyoti va ilmiy-tahliliy yoʻnalishlari boʻyicha yangi loyihalarni tatbiq etish imkoniyatlarini yuqori baholadi.

Belgiyalik mutaxassis Gi Kiala Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini aytib, ishonch uchun minnatdorchilik bildirdi. Shundan soʻng, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va Gi Kiala oʻrtasida shartnoma imzolandi. OʻFA rahbari oldinda turgan masʼuliyatli vazifalarni bajarishda mutaxassisga barcha sharoitlar taqdim etilishini maʼlum qilib, omad tiladi.

Maʼlumot uchun, OʻFA texnik direktori Gi Kiala OFK va UEFA Pro litzenziyasiga ega, faoliyati davomida Belgiya, Buyuk Britaniya, BAA va Saudiya Arabistonida ishlagan. Murabbiy, skaut, texnik direktor va instruktor sifatida tajriba toʻplagan.