Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida Tojikistonda oʻtkazilgan “CAFA Womenʼs Futsal Championship 2022” musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Oʻzbekiston ayollar futzal terma jamoasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tadbir avvalida OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov futzalchilarimizni OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov, qolaversa, butun futbol jamoatchiligi nomidan musobaqadagi muvaffaqiyatli ishtirok bilan tabrikladi. Ushbu natijaning ortida yurtimizda ayollar futboliga berilayotgan eʼtibor, qolaversa ahillik va jamoaviy mehnat yotganini taʼkidlab oʻtdi.

“Ayollar futbolini yangi bosqichga olib chiqish va rivojlantirish yoʻlida OʻFA yaponiyalik tajribali murabbiylarni jalb qildi. Hammamizga maʼlum, Yaponiya Jahon chempionatida doimiy ishtirok etib keladi, mutaxassislari ham xalqaro miqyosda katta tajribaga ega hisoblanadi. Shu sababli, ayollar futboliga Midori Honda bosh murabbiy etib tayinlandi, umid qilamizki, Sizlar ushbu yangi murabbiy bilan oldimizga qoʻyilgan yuqori maqsadlarga erishish yoʻlida tinmay mehnat qilib, oʻz ustingizda ishlab borasizlar”, deya taʼkidladi Ravshan Ermatov.

Shuningdek, Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Midori Honda futzalchilarimizni samimiy tabriklab, jamoa oldida qilinadigan ishlar koʻpligini, fevral boshidayoq terma jamoa yigʻinlarga kirishini va yuqori marralar yoʻlida birgalikda harakat qilish kerakligini aytib oʻtdi.

Futzal terma jamoamizning keyingi musobaqalarda yanada yuqori natijalar qayd etishlariga ishonch bildirildi. Oʻz navbatida, murabbiylar shtabi soʻnggi yillardagi ayollar futboliga berilayotgan eʼtibor ortganini eʼtirof etdi. Jamoa nomidan musobaqa toʻpurari Maftuna Shoyimova OʻFAga eʼtibor uchun minnatdorchilik bildirdi. Tadbir yakunida futzalchilar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.