Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekistonda futbolni ommalashtirish yoʻlida olib borilayotgan ishlar hamda mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishga oid masalalarni muhokama qilish maqsadida FIFA prezidenti boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurgani haqida xabar bergandik.

Bugun Janni Infantino FIFA koʻmagida Toshkent viloyatida qad rostlayotgan Oʻzbekiston Terma jamoalari markazini koʻzdan kechirish uchun qurilish maydoniga tashrif buyurdi. FIFA rahbariga mazkur bazadan oʻrin olgan obyektlar, xususan, 4 ta gibrid futbol maydoni, 280 oʻrinli mehmonxona, yopiq basseyn, ilmiy-metodik markaz, tibbiy punkt, restoran va konferenszallari loyihasi haqida maʻlumot berildi. Avvallari terma jamoalar uchun baza qurish orzu boʻlgani, endilikda mana shu loyiha natijasida barcha yosh toifasidagi terma jamoalarimiz, xususan, milliy va olimpiya jamoasi ham shu yerda yigʻin oʻtkazish imkoniga ega boʻlishi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, ushbu markazni xalqaro standartlar asosida bunyod etish, jihozlash va faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida bir nechta davlatlarning tajribalaridan keng foydalanilayotgani qayd etildi.

Tashrif davomida futbolchilar istiqomat qiladigan mehmonxonaning yangi binosiga birinchi poydevor quyish tadbiri boʻlib oʻtdi. Janni Infantino ushbu baza koʻp yillar Oʻzbekiston terma jamoalarining muvaffaqiyatiga xizmat qilishiga tilak bildirdi. Shuningdek, Osiyo kubogida zafar quchgan Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi bilan uchrashuv tashkil etildi. FIFA Prezidenti yoshlarimizni Osiyo chempionligi bilan samimiy tabriklab, Argentina maydonlarida oʻtkaziladigan Jahon chempionatida omad tiladi.

Janni Infantinoga yoshlar terma jamoasining maxsus futbolkasi topshirildi.