Free ebooks Library zlibrary project

FIFA Forward dasturini hayotga tatbiq etish boʻyicha FIFAga aʼzo mamlakatlarning natijalari eʼtirof etildi.

Mazkur dastur koʻmagida Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda futbolning ommaviyligini yanada oshirish, istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash hamda professional darajada tayyorlash, turli yosh toifasidagi milliy terma jamoalarni rivojlantirish dasturi jadal olib borilmoqda.

FIFA yoshlarimizning U-20 va U-23 Osiyo Kubogi, FIFA U-17, FIFA U-20 Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirokini qayd etib oʻtdi. Bu — oʻzbek futbolini rivojlantirishning ulkan strategiyasidan darak bermoqda. Oʻz oʻrnida mamlakatda “Maktabda futbol” va FIFA Forward rivojlanish dasturi faol tatbiq etilgan, deyiladi tashkilot xabarida.

Qayd etilishicha, 2016-2023-yillar davomida FIFA Forward dasturining moliyaviy koʻmagi asosida bir nechta loyihalar amalga oshirildi. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan milliy terma jamoalar uchun baza tashkil etish loyihasini moliyalashtirish uchun FIFAga ariza topshirilgan. Toshkent viloyatida joylashgan Milliy terma jamoalar markazi loyihasi — mamlakat futbolining kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun kalit boʻlib xizmat qiladi.

Loyiha doirasida xalqaro standartlarga javob beradigan mashgʻulot maydonlarini (2 gibrid va 2 sunʼiy maydon) yaratish, erkaklar va ayollar terma jamoalarining yigʻinlarini oʻtkazish uchun Milliy markazini rekonstruksiya qilish, shu jumladan, xizmat koʻrsatish sohasini yaxshilash, infratuzilmani optimallashtirish maqsad qilingan.

Milliy markazni xalqaro standartlar asosida tashkil etish jarayoni quyidagicha davom etmoqda:

  • 1-bosqich – Drenaj, sugʻorish tizimi va toʻrtta maydon qurish
  • 2-bosqich – Stadion binosi va tribunalarini rekonstruksiya qilish
  • 3-bosqich – asosiy stadion uchun projektorlar oʻrnatish
  • 3-bosqich – Oʻzbekiston jamoalari uchun mehmonxona bunyod etish.

FIFAning Osiyo va Okeaniya boʻyicha mintaqaviy direktori Sanjivan Balasingam bu borada oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi:

“Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda futbolni rivojlantirish borasida yetakchilik qilmoqda, FIFA Forward tomonidan mamlakat infratuzilmasiga sarmoyalar kiritmoqda. Mamlakat koʻplab futbol assotsiatsiyalari bilan tajriba va bilim almashish yuzasidan seminarlar tashkil etmoqda. Yirik turnirlar, xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilishda namuna boʻlmoqda. Bu saʼy-harakatlar albatta Oʻzbekiston terma jamoalarining oʻyinlarida ham ijobiy aks etayotgani quvonarli”, — deya taʼkidladi Sanjivan Balasingam.