Free ebooks Library zlibrary project

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspeksiyasi tomonidan 2020 yil 5-oktyabrda kelishilgan o‘yinlarda qatnashish, totalizatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha ayollar futbol klublari vakillari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilganligiga qaramasdan ayollar futbolida ushbu faoliyat bilan shug‘ullangan shahslar aniqlandi.

Futbol sohasida faoliyat yuritgan sobiq mutaxassislar hamda ushbu sohaga aloqador bo‘lmagan shahslar tomonidan “Guli” (Navoiy), “Navbahor” (Namangan), “Metallurg” (Bekobod) va “Bunyodkor” (Toshkent) ayollar klubi vakillarining ko‘rsatmalariga asosan ularga haq yevaziga kelishilgan o‘yinlarda qatnashish va totalizatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha taklif bilan chiqilganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘rganishlar natijasida ayrim futbolchi va mutaxassislar yuqorida tilga olingan shahslarning takliflariga rozilik bildirib, o‘ziga aytilgan noqonuniy vazifalarni bajarganligi ham fosh etildi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha O‘FA maxsus inspeksiyasi tomonidan tegishli ma’lumotlar to‘planib, O‘FA Etika qo‘mitasiga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun topshirildi.

Taqdim etilgan ma’lumotlar bo‘yicha O‘FA Etika qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi hamda ayrim futbolchi va mutaxassislar kelishilgan o‘yinlarda qatnashganligi, totalizatorlik faoliyati bilan shug‘ullangan shahslarga yordam berganligi uchun 1 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatlarga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi.

Mazkur qaror O‘FA tomonidan rasmiy tarzda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi futbol sohasida shubha ostiga olingan vaziyatlar, futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda ishtirok etish bo‘yicha o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda.

Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O‘FA Etika qo‘mitasi tegishli tartibda ko‘rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.