Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan mamlakatimizda murabbiy, seleksioner (skaut), tahlilchi, hakam, marketolog, psixolog va futbol menejeri kabi yuqori malakali futbol mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida qator tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Aynan ushbu yoʻnalishlarda markaz tashkil etilib, xorijiy va mahalliy tajribali mutaxassislar yordamida oʻzbek futbolining turli sohalarida faoliyat yuritadigan yetuk kadrlarni tayyorlash maqsad qilingan.
Bugun “Xalqaro skauting tashkiloti”ning taniqli mutaxassisi Kolin Chembers ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi. Tadbir avvalida OʻFA birinchi-vitse prezidenti Ravshan Ermatov Oʻzbekistonda mazkur sohani rivojlantirish masalasi bugunning asosiy vazifalaridan biri ekanligini, yosh kadrlarni yetishtirishda xalqaro tajribalardan foydalanish zarurligini taʼkidladi.
Shundan keyin angliyalik mutaxassis oʻzining uzoq yillik faoliyatidan kelib chiqib, skauting shunchaki jarayon emasligi, bu har qanday jamoaning keyingi natijalariga bevosita taʼsir oʻtkazadigan muhim harakat ekanligini aytdi. Shuningdek, yosh futbolchilarni tanlab olishda eʼtiborga olish kerak boʻlgan jihatlarga toʻxtaldi.
Seminar davomida maxsus videodarslik orqali futbolchilarni kuzatish, ularga baho berish va jismoniy holatini aniqlashda yordam beradigan nyuanslar haqida tushuntirishlar berildi. Kolin Chembers skautingda kichik detallar katta natijalarni keltirib chiqarishini qoʻshimcha qildi.
6 kunlik seminarning birinchi kunida, asosan, nazariy mashgʻulotlar va videodarslikka urgʻu berildi. Keyingi kunlarda reja asosida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilishi belgilangan.