Xabaringiz bor, ayni kunlarda Islombek Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi FIFA U-17 Jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Vakillarimiz ayni vaqtda 2-turdan so‘ng “J” guruhida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov mazkur turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan jamoa vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida turnirda munosib ishtirok etish hamda jamoa a’zolarining ruhiy hamda jismoniy tayyorgarligi, ularga yaratilgan sharoitlar bilan fikr-mulohazalar almashildi.
Shu bilan bir qatorda, uchrashuvda jamoa a’zolariga ko‘p sonli futbol muxlislari hamda assotsiatsiya tomonidan yuksak ishonch bildirilayotgani, Osiyo kubogida bo‘lgani singari terma jamoa bu gal ham musobaqada munosib ishtirok etishlari zarurligi alohida qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, Islombek Ismoilov jamoa musobaqada bor imkoniyatini ishga solishi, futbolchilar ham turnir darajasini his qilib turganini qayd etdi.
Murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va kelgusi uchrashuvlarga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashildi. Tibbiy shtabga futbolchilarning sog‘ligi, tiklanishi va vitaminizatsiyalash jarayoni, shuningdek, futbolchilarga yuqori darajadagi tibbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish haqida mas’ullarga ko‘rsatma berildi.
