Free ebooks Library zlibrary project

Joriy yilda mamlakatimiz ikkinchi bor Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi Millatlar kubogi musobaqasi — “CAFA Nations Cup 2025” turniriga mezbonlik qildi. Turnirning final uchrashuviga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va FIFA Prezidenti Janni Infantino tashrif buyurishi ushbu musobaqa yuqori ahamiyat kasb etishini yana bir bor isbotladi. FIFA rasmiy sahifasida turnirga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Uni to‘liq o‘zbek tilida e’tiboringizga havola qilamiz.

“CAFA Nations Cup 2025” finalida faqat bitta jamoa kubokni koʻtarishi mumkin edi. Biroq 8-sentyabr kungi hal qiluvchi bahsda maydonga chiqqan ikki mamlakat — Oʻzbekiston va Eron — allaqachon 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgani ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Toshkentdagi yangi Olimpiya shaharchasi hududidagi “Olimpiya” stadionida (12 ming oʻrinli) boʻlib oʻtgan final bahsi tarixiy voqea boʻldi. U ilk bor sportchilar va muxlislarni qabul qildi. FIFA Prezidenti Janni Infantino ham 11,842 nafar tomoshabin qatorida oʻtirib, Markaziy Osiyoda futbolni rivojlantirish borasidagi keng qamrovli qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor amalda koʻrsatdi.

Markaziy Osiyo futboli yuksalmoqda. Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) tomonidan tashkil etilgan milliy terma jamoalar ishtirokidagi asosiy musobaqa – “CAFA Nations Cup”ning ikkinchi turniri mintaqa kelajagi uchun umidli qadam boʻldi.

“Futbol nuqtayi nazaridan, Markaziy Osiyo mamlakatlari hali yosh hisoblanadi. FIFA tomonidan berilayotgan yaqindan yordam tufayli mintaqamizda futbol tez rivojlanmoqda. Shu bois FIFA Prezidenti Janni Infantinoga minnatdorlik bildiramiz. Biz FIFA loyihalari va rejalarida faol ishtirok etmoqdamiz,” — dedi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov.

Finalda Oʻzbekiston Eronni 1:0 hisobida magʻlub etdi. Yakunda gʻalaba keltirgan golni qoʻshimcha boʻlimda himoyachi Hojiakbar Alijonov bosh bilan kiritdi. Ammo uzoq muddatli nuqtayi nazardan, Markaziy Osiyo futbolining oʻzi eng katta gʻolib boʻldi. Yangi kuch, yangi stadion, yangi sovrin va koʻk rangli libosdagi muxlislar quvonchi — bular mintaqa futbolining katta potensialidan dalolat edi.

FIFA va CAFA hamkorligi

2015-yil yanvarida tashkil etilgan va bosh qarorgohi Dushanbe shahrida joylashgan CAFA — Osiyo Futbol Konfederatsiyasining (AFC) eng yosh mintaqaviy tashkiloti. Eron va Afgʻoniston FIFA aʼzoligini 1948-yilda qoʻlga kiritgan boʻlsa, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1994-yilda FIFA safiga qoʻshildi.

Ushbu mamlakatda futbol ommalashgan boʻlsa-da, zarur infratuzilmani shakllantirish vaqt talab qildi. “FIFA Forward” dasturi va “Football for Schools” loyihalari bu yoʻlda katta turtki berdi.

“Markaziy Osiyoda futbolga qiziqish tobora ortmoqda. Iqtidorli oʻyinchilarimiz koʻp, ammo hali imkoniyatlar toʻliq ishga solinmagan. Bu yoʻlda FIFA hal qiluvchi oʻrin tutadi,” — dedi Turkmaniston terma jamoasi bosh murabbiyi Rovshen Meredov.

FIFA 1-sentyabr kuni “CAFA Nations Cup” musobaqasini muntazam qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qildi. Bu tashabbus FIFA’ning 2023–2027-yillarga moʻljallangan strategiyasidagi 7-maqsad — yuqori sifatli xalqaro turnirlarni koʻpaytirish — doirasida amalga oshirilmoqda.

“CAFA Nations Cup” kabi turnirlar jamoalarga oʻzaro raqobat qilish va futbolni nishonlash imkonini beradi. FIFA bunday musobaqalarni qoʻllab-quvvatlashga sodiq”, — dedi FIFA Bosh kotibi Mattias Grafstrom.

Musobaqaning oʻsishi va islohotlar

“CAFA Nations Cup” ilk bor 2023-yilda oʻtkazilgan va unda Eron gʻolib boʻlgandi. 2018-yildan boshlab esa ayollar hamda turli yosh toifalarida musobaqalar yoʻlga qoʻyildi.

CAFA Bosh kotibi Ulugʻbek Karimov shunday dedi:

“Biz bu musobaqani oʻtkazishni orzu qilganmiz. Oʻshanda tajribamiz ham, mablagʻimiz ham yoʻq edi, ammo orzularimiz katta edi. Bugunga kelib esa turnir kengayib, yangi bosqichga chiqdi”.

2025-yilgi musobaqada Hindiston va Ummon mehmon sifatida ishtirok etdi. Bu esa jamoalar sonini sakkiztaga, oʻyinlar sonini esa 14 taga yetkazdi. Hindiston bronza medali uchun bahsda Ummonni penaltilar seriyasida magʻlub etdi. Barcha uchrashuvlar FIFA+ platformasi orqali butun dunyoga namoyish qilindi.

Bundan tashqari, musobaqa davomida ilk bor VAR tizimi qoʻllandi, jamoalar uchun mehmonxonalar va stadionlar darajasi oshirildi. FIFA mutaxassislari oʻz tajribasi bilan boʻlishib, tashkiliy jarayonlarda yordam berdi.

Infratuzilma va kelajak uchun rejalar

“FIFA Forward 3.0” dasturi orqali 2026-yilgacha hududiy assotsiatsiyalarga har toʻrt yilda 5 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi. Bu mablagʻ musobaqalar tashkil etish va infratuzilmani rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

“OʻFA Milliy futbol markazida “FIFA Forward” dasturi yordamida 4 ta maydon, stadion va kiyinish xonalari taʼmirlandi, yoritish tizimi yangilandi. Shuningdek, 1500 ta maktabda “Football for Schools” loyihasi joriy etildi”, — dedi Ravshan Irmatov.

Tojikiston futbol federatsiyasi Bosh kotibi Furkatjon Ahmedjonov esa shunday qoʻshimcha qildi:

“Biz FIFA bilan ayollar va yoshlar futbolida yaqindan hamkorlik qilamiz. Ayollar chempionati toʻrt yosh toifasida oʻtkazilmoqda, bir nechta yoshlar musobaqalari esa FIFA tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda”.

Qirgʻiziston terma jamoasi murabbiyi Urmat Abdukaimov ham FIFA yordamini alohida taʼkidladi:

“Bu qoʻllab-quvvatlash Markaziy Osiyoda futbol rivoji uchun nihoyatda muhim. Eng asosiysi — bolalar va yoshlarda futbolga qiziqish oshmoqda. Bu esa bizning asosiy maqsadimiz”.

Yutuqlar va yangi marralar

Soʻnggi yillarda mintaqa jamoalari xalqaro maydonda sezilarli natijalarga erishmoqda. 2023-yilgi Osiyo kubogi pley-off bosqichida Oʻzbekiston, Eron va Tojikiston ham ishtirok etdi. Joriy yildagi FIFA U-17 Jahon chempionatida esa Oʻzbekiston va Tojikiston qatnashadi. Ayollar futbolida ham Oʻzbekiston oltinchi, Eron ikkinchi marta Osiyo kubogida oʻynaydi.

Eng muhim yangilik shuki, Oʻzbekiston terma jamoasi 2024-yilgi Parij Olimpiadasidan keyin nihoyat 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatiga ham yoʻllanma oldi. Bu esa butun mintaqa uchun ilhom manbai boʻldi.

“Oxirgi 10 yilda futbolga qiziqish keskin ortdi. Olimpiadaga ham, Jahon chempionatiga ham yoʻllanma olishimiz tasodif emas, balki xalqimizning futbolga boʻlgan mehridan dalolat”, — dedi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaev.

Ulugʻbek Karimov esa CAFA klublar oʻrtasida ham yangi musobaqa tashkil etishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi:

“Biz FIFA’dan muntazam yordam olyapmiz. Bu bizning toʻgʻri yoʻlda ekanimizni, futbol va muxlislar uchun toʻgʻri ish qilayotganimizni anglatadi. 2027-yilda “CAFA Nations Cup”ni yanada yuqori bosqichga olib chiqamiz”.