Free ebooks Library zlibrary project

Davlatimiz rahbari ikki yil oldin bu yerga tashrif buyurib, mavjud stadionga tutash hududda zamonaviy majmua bunyod etish zarurligini aytgan edi. Koʻp oʻtmay, 2023-yil 3-noyabrda “Futbol-taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori imzolandi.

Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur markaz bunda juda muhim boʻgʻin. Bu yerda bir vaqtning oʻzida 6 ta terma jamoamizning oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish imkoniyati bor. Buning uchun stadionlar, oʻquv binolari, sport zallari, mehmonxona barpo etilgan. Plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn va reabilitatsiya boʻlimi qoʻshimcha qulayliklar yaratgan.
Majmuada professional futbolchi va mutaxassislarni tayyorlash uchun toʻrtta tuzilma tashkil etildi. Bular — Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazidir.

Prezidentimiz ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasi boʻlimiga xorijiy uskunalar olib kelingan, eng ilgʻor uslublar oʻzlashtirilgan. Bu futbolchilarga qisqa vaqt ichida jismonan tiklanish imkoniyatini beradi.

Futbol akademiyasida yosh isteʼdodlar saralanib, tarbiyalanadi. Buni xalqaro darajada tashkil etish uchun markazga Argentina, Vengriya va Xorvatiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan. Ular malakali murabbiy, hakam, tahlilchi, seleksioner va futbol menejerlarini tayyorlashda ishtirok etmoqda. Majmuada “VAR markazi” ham tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda sport faxriylari va yosh futbolchilar bilan suhbatlashdi. Oʻzbekistonda futbol eng ommaviy sport ekani, uni rivojlantirish izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.

Keyingi yillarda futbol tizimi tubdan yaxshilandi. Bolalar futboli, toʻgarakalardan tortib akademiyalar, jamoalar, chempionatgacha eʼtibor kuchaydi. Natijalar birin-ketin boʻy koʻrsatmoqda. Ularning eng muhimi – Vatanimiz tarixida birinchi marta milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqqani boʻldi.

Yana bir shonli yutuq aprelda Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtgan Osiyo kubogida qoʻlga kiritildi. 17 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar terma jamoamiz unda birinchi oʻrinni egallab, jahon chempionatiga yoʻllanma olgan edi.

Prezidentimiz ushbu qahramon futbolchilarimiz bilan uchrashib, ularga mehr-eʼtiborini izhor qildi.

Biz hamma sohada dunyoda munosib oʻrin egallashga intilayapmiz. Sportchilarimiz buni tezroq yetkaza oladi. Sizlar irodali gʻalabangiz bilan, xalqimiz mehnat qilsa, harakat qilsa, hamma narsaga qodir ekanini yana bir bor isbotladingiz. Butun dunyo sizning timsolingizda azmu shijoatli, gʻururi baland, hech qachon intilishdan qaytmaydigan yangi Oʻzbekiston avlodini koʻrdi. Endi futbolni hozirgidan ham 2-3 karra koʻproq qoʻllab-quvvatlaymiz. Sizdek yoshlar xalqimizning ishonchi, Prezidentning quvonchisizlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sportchilar bu sharoitlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, xalqimiz ishonchini oqlashga vaʼda berishdi.