Bugun, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot Kongressi va yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Kongress kun tartibidan quyidagi masalalar oʻrin oldi:
1. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 2023-yil 26-dekabrda o‘tkazilgan Kongress bayonnomasini tasdiqlash.
2. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 2023-yil moliyaviy ko‘rsatkichlarini tekshirish bo‘yicha auditorlik hisobotini tasdiqlash.
3. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 2024-yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot.
Shundan so’ng tadbirning ikkinchi qismida joriy yilgi futbol mavsumining eng yaxshilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Futbolimiz faxriysi, murabbiy sifatida 5 karra Oʻzbekiston chempioni, 9 karra kumush medali sohibi, 2 karra Oʻzbekiston kubogi gʻolibi, Fargʻonaning Neftchi jamoasi afsonasi, ayni kunlarda muborak 77 yoshni qarshi olgan Yuriy Sarkisyanga “Futbolimiz nuroniysi” sovrini topshirildi.
58 yil davomida Buxoro viloyati bolalar va oʻsmirlar futbolida jonkuyarlik bilan ishlab, minglab yosh futbolchilarni tarbiyalagan, klublar va terma jamoalarga iste’dodlarni yetishtirib chiqargan faxriy — Ibrohim Sharipovga “Fidoyilik ramzi” sovrini topshirildi.
Oʻtgan mavsum davomida bir nechta xalqaro oʻyinlarga tayinlov olgan, xususan, Parijda oʻtgan Olimpiadaning 4 ta uchrashuvida faoliyat olib borgan, OChL final uchrashuvida ishlagan Ilgiz Tantashev — “Yilning eng yaxshi hakami” sifatida e’tirof etildi.
Bu yil bir nechta xalqaro oʻyinlarda faoliyat olib borgan va Oʻzbekiston kubogi final uchrashuvini yuqori saviyada oʻtkazgan referi Gulshoda Saidqulovaga — “Yilning eng yaxshi ayol hakami” sovrini topshirildi.
Joriy yilda futbolni rivojlantirish va qator nufuzli musobaqalarni oʻtkazishdagi koʻrsatgan koʻmagi va qoʻllab-quvvatlagani uchun hamkor tashkilotlarga “Samarali hamkorlik ramzi” sovrini topshirildi.
Joriy yilda turli terma jamoalarimiz faoliyati va futbol musobaqalarini yoritishda faollik koʻrsatgani uchun bir qator OAV vakillari taqdirlandi.
OʻFA birinchiligi musobaqalari ikki karra gʻolibi, oʻsmirlar terma jamoasiga 8 nafar futbolchi yetkazib bergan Paxtakor akademiyasi murabbiyi Bobur Abdurahmonovga — “Bolalar futboli boʻyicha yilning eng yaxshi murabbiyi” sovrini topshirildi.
Bir necha yillardan buyon oʻsmirlar va yoshlar terma jamoalarimiz darvozasini mustahkam himoya qilib kelayotgan, joriy yilda Soʻgʻdiyona jamoasida ham ishonchli oʻyinlar koʻrsatgan yosh posbonimiz Muhammadyusuf Sobirov — “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” deb topildi.
Joriy mavsumda jamoasi bilan birgalikda Oʻzbekiston chempionati va kubogida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Nodir Eliboyev — “Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi” deb topildi.
Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi yetakchisi Husniddin Nishonov — “Yilning eng yaxshi futzalchisi” deb topildi.
Ushbu mavsumda ayollar chempionatida 41 ta gol kiritib, eng yaxshi toʻpurarga aylangan Sevinch jamoasi futbolchisi Lyudmila Karachikka sovrin topshirildi.
Sevinch klubi yetakchi futbolchisi Maftuna Shoimova — “Ayollar Oliy ligasining eng yaxshi futbolchisi” sifatida e’tirof etildi.
Sevinch jamoasi bilan birgalikda joriy mavsum chempionat gʻolibligini qoʻlga kiritgan Vladislav Xan — “Ayollar futboli boʻyicha yilning eng yaxshi murabbiyi” deb topildi.
Oʻzbekiston ayollar milliy terma jamoasi yetakchisi Diyora Habibullayeva — “Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi” deb topildi.
Ilk marotaba Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritib, jamoasi bilan birgalikda tarixiy natija qayd etgan Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze — “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb topildi.
Shuningdek, Abbosbek Fayzullayev ketma-ket ikkinchi bor “Yilning eng yaxshi futbolchisi” sifatida e’tirof etildi.