Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmonning tashabbusi bilan “Enhance” dasturi asosida qaytadan taʼmirlangan OʻFA sunʼiy qoplamali maydonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda OFK vitse-prezidenti Zav Zav, tashkilot bosh kotibi Datuk Seri Vindsor Jon, hududiy assotsiatsiyalar bilan ishlash departamenti direktori Vohid Kardani, OʻFA birinchi-vitse prezidenti Ravshan Irmatov, Oʻzbekiston MTJ bosh murabbiyi Srechko Katanes, Yoshlar siyosati va sport vazirining maslahatchisi Avaz Karimov, yosh shugʻullanuvchilar, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
OFK bosh kotibi Oʻzbekistonda futbol infratuzilmasi rivojlanib borayotgani, xususan, ushbu maydon ham bolalarga uzoq yillar xizmat qilgan holda shugʻullanuvchilar ichidan Oʻzbekiston terma jamoalariga nomzod futbolchilar yetishib chiqishiga tilak bildirdi. O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov boshchiligida oʻzbek futboli rivojlantirishda to‘g‘ri yo‘ldan borayotgani, bugungi kunda futboli eng tez rivojlanayotgan davlatlar qatorida ekanligini e‘tirof etdi.
Shundan soʻng maydonning ramziy lentalari kesilib, bolalar ishtirokida estafetalar va bir qancha qiziqarli mashgʻulotlar tashkil etildi.