8-yanvardan butun Osiyo futbol jamoatchiligi e’tibori Tailand yashil maydonlarida o‘tadigan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi qit’a chempionatiga qaratiladi.
Musobaqada Tokio-2020 olimpiadasi yo‘llanmasi uchun bahs olib boradigan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi musobaqa doirasidagi ilk uchrashuvini o‘tkazadigan Songxla shahriga yetib keldi.
Terma jamoamiz a’zosi Islom Kenjaboev Osiyo chempionati oldidan O‘FA rasmiy saytiga o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi:
– Osiyo chempionatiga yaxshi tayyorgarlik olib bordik. Barchasi yuqori darajada tashkillashtirildi. O‘rtoqlik o‘yinlari ham yetarlicha o‘tkazildi, deb o‘ylayman.
Asosiysi – jamoamizdagi yigitlarda ishtiyoq kuchli va barcha faqat chempion bo‘lish haqida o‘ylayapti. Yigitlar shijoatga to‘la. Bu yerga nima uchun kelganimizni hamda zimmamizda qanday mas’uliyat turganini yaxshi anglab turibmiz. Birinchi galda yurtimizdagi ko‘p sonli muxlislarni g‘alabalar bilan xursand qilishga urinamiz.
To‘g‘ri, balkim juda kuchli va qiyin guruhdan o‘rin olgandirmiz. Lekin biz bundan aslo qo‘rqayotganimiz yo‘q. Nasib etsa, musobaqa davomida ishonchli va mazmunli o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. Men o‘zim ham qo‘ldan kelgancha terma jamoamizga foyda keltirishga urinaman. Hudo xohlasa, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytamiz, – dedi iste’dodli futbolchi.