Kecha, 22-avgust kuni OFK Chempionlar ligasining yakuniy saralash bosqichi uchrashuvlari o‘tkazildi.
Namanganning “Navbahor” jamoasi “Al-Vakra” (Qatar) klubiga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvning asosiy bo‘limlarida hisob ochilmadi va g‘olib nomi ekstra-taymlardan so‘ng aniq bo‘ldi. Doniyor Abdumannopovning 98-daqiqada kiritgan goli o‘yin taqdirini hal qildi. Shu tariqa, “Lochinlar” 26 yildan so‘ng ilk bor Chempionlar ligasi guruh bosqichiga yo’llanma oldi.
Yana bir bahsda Olmaliqning OKMK jamoasi OChL guruh bosqichi yo‘llanmasi uchun “Al-Arabi” (Qatar) bilan bellashdi. Ikkinchi bo‘limda Ruben Sanches tomonidan kiritilgan supergol OKMK g‘alabasini ta’minladi.
Ushbu g‘alabalar evaziga OChL guruh bosqichida ishtirok etadigan o‘zbek klublari soni 4 taga yetdi. “Paxtakor”, “Nasaf”, “Navbahor” va OKMK G‘arb mintaqasining eng kuchli klublariga qarshi bahs olib boradi.
Qayd etish mumkin, 24-avgust kuni soat 13:00 da OFK bosh qarorgohida Chempionlar ligasining yangi mavsumiga qur’a tashlanadi.