2023-yilning mart oyida Oʻzbekiston maydonlarida boʻlib oʻtadigan U-20 Osiyo kubogi musobaqasiga tayyorgarlik ishlari qizgʻin davom etmoqda. Xususan, OʻFA ishchi guruhi tomonidan oʻyinlar va mashgʻulotlar boʻlib oʻtadigan hududlar hamda u yerdagi mavjud sharoitlar oʻrganilib, OFK standartiga mos kelishini taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlar olib borilyapti. Ayni kunlarda Osiyo futbol konfederatsiyasi delegatsiyasi mamlakatimizda boʻlib turibdi. Bugun OFK delegatlari va OʻFA tashkiliy qoʻmita vakillari Fargʻona viloyatiga tashrif buyurishdi.
Kun tartibiga koʻra, dastlab hududdagi futbol infratuzilmasi inspeksiya qilindi hamda viloyatning bosh stadioni “Istiqlol”koʻzdan kechirildi. Stadionning kiyim almashtirish xonalari va matbuot anjumani oʻtkaziladigan zallar oʻrganildi. Delegatsiya vakillari barcha tashkiliy-maʼmuriy zonalarni, xususan, OFK standarti asosida qayta tashkil etilgan mutlaqo yangi media tribuna va matbuot anjumani oʻtkaziladigan xonalarni koʻzdan kechirishdi.
Shuningdek, jamoalar mashgʻulot oʻtkazadigan maydonlarning ham OFK musobaqalar oʻtkazish standartiga muvofiqligi tekshiruvdan oʻtkazildi. Bu borada mutasaddilarga maydonlarning sifatiga alohida eʼtibor qaratish kerakligi yana bir bor e‘tirof etildi, rejaga muvofiq keyingi qilinishi kerak boʻlgan vazifalar yuzasidan koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, muxlislarga yaratilgan qulayliklar koʻzdan kechirildi. Yirik turnirlarning muhim yoʻnalishlaridan hisoblangan tibbiy tayyorgarlik hamda VAR uchun zarur boʻlgan sharoitlar nazoratga olindi.
OʻFA vakillari Fargʻonaga tashrif davomida viloyatda futbol rivojiga hissa qoʻshgan bir qator faxriylarni oʻzbek futbolining 110 yilligi munosabati bilan faxriy nishon hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirladilar.