Faxriylar Oliy ligasining turli soha vakillaridan tuzilgan 40 yosh va undan kattalardan iborat futbol jamoasi joriy yilning 19-23-oktyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida boʻlib oʻtadigan “Antalya Soccer Cup — 2022” xalqaro turnirida ishtirok etib yurtimiz sharafini himoya qilishadi.
Ushbu xalqaro turnirda Oʻzbekiston faxriylar terma jamoasidan tashqari Angliya, Germaniya, Marokash, Belgiya, Kanada va Turkiya kabi jami 24 jamoa ishtirok etadi.
Bugun ushbu musobaqa oldidan OʻFA rahbariyati jamoa vakillari bilan uchrashdi. Faxriylar jamoasiga bu turnirda munosib ishtirok etishlariga tilak bildirildi.
Shundan keyin jamoa aʼzolari ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi. Uchrashuv yakunida OʻFA rahbariyati turnir oldidan yana bir bor jamoamizga omad tiladi.