Free ebooks Library zlibrary project

Kun tartibida Oʻzbekiston chempionati-2022 musobaqalari reglamentiga Superliga futbolchilarining mavsum boshlanishidan oldin jismoniy tayyorgarligi masalasida testlarini joriy etish, chempionat klublarida mashgʻulotlar jarayonini boshqarishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston futbol assosiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov futbolchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini pastdan, yaʼni futbol akademiyalari va maktablaridan boshlab tizimli ravishda amalga oshirish zarurligini taʼkidlab oʻtdi. Mazkur yoʻnalishga tibbiy va ilmiy nuqtai nazardan yondashish kerakligini aytdi.

“Zamonaviy texnologiyalarga tayangan holda, yurtimizning iqlimiga mos keladigan jismoniy tayyorgarlik test sinovlari uchun dastur ishlab chiqiladi. Ushbu dastur 3 yilga moʻljallangan boʻlib, har bir futbolchining jismoniy koʻrsatkichlarini bosqichma bosqich oʻsishiga xizmat qiladi”, — dedi Ravshan Ermatov.

Yigʻilish davomida turli yosh toifasidagi terma jamoalarimizning bosh murabbiylari — Timur Kapadze, Ravshan Haydarov va Server Jeparov, shuningdek, tajribali mutaxassislar — Mirjalol Qosimov hamda Roʻziqul Berdiyevlarning bir qator masalalar yuzasidan fikrlari tinglandi. Xususan, jismoniy tayyorgarlik testlarining joriy etilishi barcha jamoalar va murabbiylar uchun faqat foyda keltirilishi, bunday tahlil zamonaviy futbol talablariga javob berishi va xalqaro standart ekani eʼtirof etildi. Bu jarayon, oʻz navbatida, futbolchilarga masʼuliyat yuklashi, buning natijasida ular mashgʻulot va oʻyinlarda borini berib harakat qilishlari mumkinligi qayd etildi.

Murabbiylar oʻz qoʻl ostidagi futbolchilarni terma jamoada oʻynashga jismonan va ruhan tayyor boʻlishlari uchun doimiy ravishda bu kabi nazorat-tahlillarni olib borishi kerakligi aytildi va futbolchilar uchun zarur normativ-koʻrsatkichlar ishlab chiqilishi maʼqullandi.

Ushbu testlarni oʻtkazish sanalariga va normativlarga aniqlik kiritildi va qabul qilingan qarorlarni uzluksiz bajarish maqsadida OʻFA qoshida futbolchilarning jismoniy holatini tekshirish hamda har bir yoshdagi jamoalar murabbiylarini qayta attestatsiya qilish uchun maxsus komissiyalar tashkil etilishi belgilandi.