2023-yilning 9-yanvar kunidan FIFA futbol agentlari faoliyati boʻyicha yangi Reglamentning amalga kiritilishi munosabati bilan aʼzo assotsiatsiyalarda agentlik litsenziyasini olish uchun imtihonlar oʻtkazilishi belgilab oʻtildi. Endilikda, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi yurisdiksiyasi doirasida mahalliy talabgorlar FIFA agenti boʻlish uchun litsenziya imtihonlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Joriy yilning 9-yanvaridan boshlab futbol agenti boʻlishga talabgorlar Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga FIFA Agent Platformasi (Agent Platform https://agents.fifa.com/home) ga oʻz arizalari (application) ni toʻldirib yuborishlari mumkin.
Eslatma: Futbol agenti sifatida faoliyat yuritish uchun litsenziya imtihonlari maʼlum bir muddatlarda amalga oshiriladi.
Demak, 2023-yilda quyidagi sanalarda arizalar qabuli boʻlib oʻtadi:
- 2023-yil 19-aprelda boʻlib oʻtadigan birinchi futbol agenti imtihoni uchun 2023-yil 15-martgacha;
- 2023-yil 20-sentyabrda boʻlib oʻtadigan ikkinchi futbol agenti imtihoni uchun 2023-yil 1-maydan to 2023-yil 31-iyulgacha davom etadi.
Futbol agenti sifatida faoliyat yuritish uchun daʼvogarlarga qanday talablar qoʻyiladi?
Imtihon topshirish uchun rasmiy taʼlim (mutaxassislik boʻyicha) talablari mavjud emas va nomzodning kasbiga asoslangan imtiyozlar ham berilishi mumkin emasligi belgilangan.
Imtihonlar ingliz, fransuz va ispan tillarida oʻtkaziladi.
FIFA futbol agentlari faoliyati boʻyicha Reglamentining 5-moddasiga koʻra, futbol agentligiga daʼvogarlarga bir qancha malaka talablari belgilangan, yaʼni ariza beruvchi talabgor:
a) litsenziya olish uchun ariza berishda (va keyinchalik, shu jumladan litsenziya olgandan keyin):
I. oʻz arizasida hech qanday yolgʻon, chalgʻituvchi yoki toʻliq boʻlmagan maʼlumotlar berishi mumkin emas;
II. hech qachon jinoiy javobgarlikka tortilmagan boʻlishi, jumladan uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosi, korrupsiya, poraxoʻrlik, pul yuvish, soliq toʻlashdan boʻyin tovlash, firibgarlik, oʻyinlarni manipulyatsiya qilish, mablagʻlarni noqonuniy oʻzlashtirish, fidutsiar majburiyatlarni buzish, hujjatlarni qalbakilashtirish, mansab vakolatini suisteʼmol qilish, jinsiy zoʻravonlik, zoʻravonlik jinoyatlari, taʼqiblar, ekspluatatsiya, bolalar yoki odam savdosi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha;
III. axloq va kasbiy xulq-atvorga oid qoidalarga rioya qilmagani uchun hech qachon ikki yil yoki undan koʻproq muddatga diskvalifikatsiya qilinmagan yoki faoliyati biron bir regulyator yoki sport boshqaruv organi tomonidan toʻxtatib qoʻyilmagan;
IV. FIFA, konfederatsiya, aʼzo assotsiatsiyaning, liga, klub, yoki ligalar manfaatlarini himoya qiluvchi organ yoki bunday tashkilotlar va muassasalar bilan bevosita yoki bilvosita bogʻliq boʻlgan har qanday tashkilotning mansabdor shaxsi yoki xodimi boʻlmaslik; yagona istisno-ariza beruvchi futbol agentlari manfaatlarini ifoda etuvchi FIFA organi, konfederatsiya yoki aʼzo assotsiatsiyaga tayinlangan yoki saylangan holat;
V. shaxsan, oʻz agentligi orqali ham klub, akademiya, yoki ligaga nisbatan biron manfaatga ega boʻlmasligi kerak.
b) litsenziya olish uchun ariza berishdan oldingi yigirma toʻrt oy ichida unda talab qilinadigan litsenziyasiz futbol agenti xizmatlarini koʻrsatganligi holatlari hech qachon aniqlanmagan;
v) litsenziya olish uchun ariza berishdan besh yil oldin (va undan keyin, shu jumladan litsenziya olgandan keyin):
I. hech qachon oʻzini shaxsan bankrot deb eʼlon qilmagan yoki bankrot deb eʼlon qilinmagan yoki bankrotlik toʻgʻrisida ariza bergan va/yoki tugatilgan biznesning majoritar aksiyadori, direktori yoki asosiy mansabdor shaxsi boʻlmagan;
g) litsenziya olish uchun ariza berishdan 12 oy oldin (va undan keyin, shu jumladan litsenziya olgandan keyin):
I. pul mablagʻlarini yutib olish maqsadida sport tadbirining natijalariga pul tikish amalga oshiriladigan sport dovlarini vositachilik qilish, tashkil etish yoki oʻtkazish bilan shugʻullanadigan biron bir yuridik shaxs, kompaniya yoki tashkilotga nisbatan manfaatlari boʻlmasligi lozim.
Yuqoridagi Reglament moddasida keltirilgan talablarga toʻliq mos keluvchi talabgorlar FIFA futbol agenti imtihonlarini topshirishlari mumkin boʻladi.
Shuningdek, FIFA futbol agenti imtihonlarini topshirishga talabgorlar qoʻshimcha talablar yuzasidan batafsil maʼlumotga ega boʻlish uchun FIFAning futbol agentlari faoliyati boʻyicha yangi Reglamentining toʻliq matni bilan quyidagi havola orqali tanishib chiqishi tavsiya etiladi.
https://digitalhub.fifa.com/m/1e7b741fa0fae779/original/FIFA-Football-Agent-Regulations.pdf