Free ebooks Library zlibrary project

Bugun Srechko Katanesning Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan shartnoma imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Shartnomaga koʻra, sloveniyalik mutaxassis 2025-yilga qadar Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritadi.

Maʼlumot oʻrnida, Srechko Katanes 1963-yilda Sloveniyaning Lyublyana shahrida tavallud topgan. 1981-1994 yillar davomida “Partizan”, “Shtutgart”, “Sampdoriya” kabi jamoalarda toʻp surgan. Ushbu davr mobaynida A-seriya va Italiya kubogini qoʻlga kiritgan, shuningdek, UEFA Chempionlar ligasi va UEFA Kubogi final uchrashuvlarida ishtirok etgan hamda Yevropa Kubok egalari kubogida zafar quchgan.

Murabbiylik faoliyatida esa Makedoniya, Birlashgan Arab Amirligi, Sloveniya va Iroq milliy terma jamoalarini boshqargan. Srechko Katanes tarixda birinchi bor Sloveniya milliy terma jamoasini Jahon va Yevropa chempionatlariga olib chiqqan murabbiy hisoblanadi.

Shuningdek, Milliy jamoamiz murabbiylar shtabida 5 nafar xorijlik mutaxassis ish olib boradi. Alesh Cheh va Vlado Radmanovich yordamchi murabbiy sifatida Srechko Katanesga koʻmaklashadi. Martin Magister jamoa aʼzolarining jismoniy tayyorgarligiga javobgar boʻladi. Nihad Peykovich esa darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat olib boradi. Shuningdek, shtabdan fizioterapevt Ian Katanes oʻrin olgan.