Free ebooks Library zlibrary project

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining futbol faoliyatini nazorat qilish boʻyicha maxsus inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan OʻzFHM hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumayev va Jasur Rustamov hamda “Qoʻqon-1912” futbol klubi sport direktori Shuhrat Moʻminovning kelishilgan oʻyinlarda ishtirok etganligi toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqildi.

Qoʻmita tomonidan kun tartibidagi masalani oʻrganish davomida aniqlanishicha, 2023-yil 22-mart kuni Proliga doirasida boʻlib oʻtgan “Qoʻqon-1912” – “Mashʼal” futbol klublari oʻrtasidagi uchrashuvdan oldin “Qoʻqon-1912” futbol klubi vakili Shuhrat Moʻminov Oʻzbekiston futbol hakamlari markazi hakami Xusan Muzaffarovga “Qoʻqon-1912” futbol klubi foydasiga hakamlik qilishini soʻrab murojaat qilgan hamda evaziga pul mablagʻi taklif qilgan. Uchrashuv bosh hakami Xusan Muzaffarov ushbu taklifga rozi boʻlgan va oʻyin “Qoʻqon-1912” futbol klubi foydasiga yakunlangan.

Shuningdek, 2023-yil 18-iyun sanasida Proliga doirasida boʻlib oʻtgan “Orol” – “Qoʻqon-1912” futbol klublari oʻrtasidagi uchrashuv oldidan “Qoʻqon-1912” klubi vakili Shuhrat Moʻminov oʻyin hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumayev va Jasur Rustamovlarga uchrashuvni “Qoʻqon-1912” klubi foydasiga hal boʻlishi uchun moddiy manfaat taklif etgan. Uchrashuv bosh hakami Xusan Muzaffarov mazkur taklifga rozi boʻlgan hamda pul mablagʻlarini yordamchi hakamlar Obid Jumayev va Jasur Rustamovlar bilan oʻzaro boʻlib olganlar.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qoʻmitasi mazkur holatlar yuzasidan Oʻzbekiston futbol hakamlari markazi hakamlari Xusan Muzaffarov, Obid Jumayev va Jasur Rustamovni OʻFA Intizom kodeksining tegishli bandlarini buzgan deb topdi. Ularga nisbatan futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish hamda jarima intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.

Shuningdek, “Qoʻqon-1912” futbol klubi sport direktori Shuhrat Moʻminov OʻFA Intizom kodeksining tegishli bandlariga asosan aybdor deb topilib, unga nisbatan futbol bilan bogʻliq faoliyatning barcha turidan umrbod chetlatish jazosi tayinlandi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan oʻyinlarni aniqlash boʻyicha FIFA, OFK, “Sportradar” va boshqa tegishli tashkilotlar bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini maʼlum qiladi. Oʻz navbatida, kelgusida aniqlanadigan holatlar yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantiradi.