Free ebooks Library zlibrary project Bitcore Vision

2023-yilning mart oyida Oʻzbekiston yashil maydonlarida 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogi final bosqichi uchrashuvlari boʻlib oʻtadi. Unda Osiyoning eng kuchli jamoalari qitʼa birinchiligi va Jahon chempionati yoʻllanmasi uchun kurash olib boradi.

Oʻz oʻrnida, Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi ham mezbon sifatida mazkur musobaqaga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Jamoamiz, rejaga muvofiq, musobaqaga qadar bir nechta yigʻinlar oʻtkazishi, xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishi, bir qancha futbolchilarni seleksiya qilib borishi rejalashtirilgan.

Sentyabr oyidagi yigʻin davomida Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi Urugvayda oʻtkazilgan “Maldonado Cup” turnirida ishtirok etib, Braziliya, Argentina va Urugvay yoshlar terma jamoalariga qarshi uchrashuvlar oʻtkazdi.

Mazkur davrda Saudiya Arabistonida esa U-20 Osiyo kubogi saralash bosqichi uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston U-19 terma jamoasi ishtirok etdi. Bu orqali Farhod Nishonov shogirdlarining xalqaro tajribalarini yanada orttirish va ularni rasmiy uchrashuvlarga tayyorlab borish hamda yoshlar terma jamoasiga munosib nomzodlarni saralab olish maqsad qilingandi.

Vakillarimizning turnirdagi ishtiroki ramziy hisoblangan boʻlsa-da, jamoamiz bor imkoniyatini ishga solib, musobaqada maksimal natijani qayd eta oldi. Xususan, yoshlarimiz turnir davomida raqiblar darvozasiga 14 ta toʻp kiritib, oʻz darvozasidan 2 ta toʻp olib chiqdi. Turnir favoritlaridan hisoblangan mezbon — Saudiya Arabistoni U-20 terma jamoasi ham ishonchli tarzda magʻlub etildi.

Oʻzbekiston 7:0 Maldiv

Oʻzbekiston 3:0 Myanma

Saudiya Arabistoni 1:2 Oʻzbekiston

Xitoy 1:2 Oʻzbekiston

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot va media boʻlimi jamoa vakillaridan mazkur yigʻin, saralash bosqichidagi ishtirok va keyingi rejalar xususidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Oʻzbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi Farhod Nishonov:

— Barchaga maʼlum, Saudiya Arabistonidagi Osiyo kubogi saralash bosqichida qanday natija qayd etishimizdan qatʼiy nazar musobaqaning final bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritib boʻlgan edik. Lekin bu musobaqa biz uchun juda katta ahamiyatga ega edi, sababi, biz keyingi yilgi turnirda nafaqat mezbon balki favoritlardan biri sifatida ishtirok etishni maqsad qilgandik. Shu sababli ham bu bosqichda bor imkoniyatlarimizni namoyish etdik.

— Futbolchilarning jismoniy va ruhiy holatidan qoniqish hosil qildingizmi, oldinda qilinishi kerak boʻlgan qanday ishlar bor?

— Futbolchilarimizning jismoniy holatiga keladigan boʻlsam, ularning ham jismoniy ham ruhiy holatidan qoniqish hosil qildim. Chunki bu yigʻinga jismoniy-ruhiy jihatdan tayyor futbolchilar jalb etilgan edi. Reja boʻyicha ish olib bordik, lekin oldimizda qilinadigan ishlar koʻp. Bu yoshlarimiz kelajakda professional futbolchi boʻlishlari uchun biz ham ularning oʻzlari ham harakat qilishimiz lozim. Ular individual jihatdan oʻsishlari, oʻz ustida ishlab borishlari kerak.

— Qaysi oʻyinlar siz uchun qiyinroq kechdi, xususan, Saudiya Arabistoniga qarshi tarixiy gʻalaba haqida nimalar deya olasiz?

— Shubhasiz eng qiyin bahs Saudiya Arabistoniga qarshi oʻyin boʻldi. Sababi, raqibimiz juda kuchli edi. Tarkibida mahoratli oʻyinchilari ham koʻp. Shuning uchun bu oʻyinda qiyinchilikka duch keldik, lekin shu oʻrinda futbolchilarga rahmat aytib qolaman. Ular maydonda borini berib harakat qilib, oxirigacha kurashdilar. Yigʻinning ilk kunidanoq asosiy maqsadimiz Saudiya Arabistonini magʻlub etish edi, buni ustida ishladik. Shu ishtiyoq tufayli ham gʻalabaga erishdik, deb oʻylayman.

Jamoa futbolchisi Mirkomil Abdurazzoqov:

— Yaponiyada boʻlib oʻtgan yigʻindan soʻng bizga yana bir yaxshi imkoniyat taqdim etildi. 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo kubogi saralash bahslarida ishtirok etishimiz aytildi. Biz bundan xursand boʻldik. Chunki bu nimalarga qodir ekanligimiz, qaysi tomonlarda esa koʻproq ishlashimiz kerakligini koʻrsatib berardi.

— Murabbiylar asosan nimalar ustida ishlashdi?

— Murabbiylarimiz yigʻinning ilk kunidanoq taktik va jismoniy mashgʻulotlarni olib borishdi. Oldimizda muhim turnir turganligi, biz keyingi bosqich masalasiga chiqqanligimizni unutishimiz shartligini uqtirib kelishdi. Shu tufayli boʻlsa kerak, barcha uchrashuvlarda gʻalabaga tashna boʻlib maydonga tushdik.

— Turnirdagi eng qiyin bahs?

— Eng qiyin bahs albatta Saudiya Arabistoni bilan oʻtkazilgan oʻyin boʻldi. Bu jamoa har tomonlama kuchli ekanligini, biroq ularni magʻlub etish orqali oʻz imkoniyatlarimizni namoyish etishimiz kerakligini bizga aytishdi. Oʻyin davomida har ikkala tarafda ham yaxshi imkoniyatlar boʻldi. Biroq yakunda biz baribir oʻyinni oʻz foydamizga hal qildik. Soʻnggi turda Xitoy bilan ham oson boʻlmagan oʻyinni oʻtkazdik. Birinchi boʻlimning oxiriga kelib bir kishi kam qoldik. Lekin oʻyinning soʻnggigacha biz oʻz ustunligimizni namoyish qilib, gʻalaba qozondik.

Qayd etish kerak, 20-sentyabrdan Ravshan Haydarov boshqaruvidagi Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi Toshkentdagi yigʻinlarini boshladi. Mazkur yigʻinga saralash bosqichida oʻz iqtidor va imkoniyatini namoyish eta olgan 3 nafar futbolchi — Rian Islomov, Asadbek Joʻraboyev va Asror Kenjayev jalb etildi.

Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi 24-27-sentyabr kunlari Toshkentda Jahon chempionati ishtirokchisi — Slovakiya yoshlar terma jamoasiga oʻrtoqlik oʻyinlarida qatnashadi.