Xabaringiz bor, ayni kunlarda butun dunyo boʻylab tarqalib borayotgan va inson salomatligi uchun katta xavf tugʻdirayotgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizga ham kirib keldi. Joriy yilning 15-mart sanasida Oʻzbekistonda ilk bora koronavirusga chalinganlik holati qayd etildi. Shu munosabat bilan, 2020-yil 16-martdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha taʼlim muassasalari nomaʼlum muddatga yopilgan edi.
Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi K.Adilov tashabbusi bilan viloyat sport tizimida ishlovchi barcha ishchi-xodimlarning masofadan turib ish-faoliyatini davom ettirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Jumladan, boshqarma xodimlari ham oʻz uylaridan turib har kunlik ish-faoliyati bilan mashgʻul boʻlishmoqda. Xodimlarning samarali mehnat faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi.
Shuningdek, Toshkent viloyati aholisi oʻrtasida boʻsh vaqtni mazmunli tashkil etishda uy sharoitida sport bilan muntazam shugʻullanishni tashkil etish borasida Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Boshqarmaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida uy sharoitida sport bilan shugʻullanish boʻyicha koʻrgazmali lavhalar va tavsiyalar muntazam berib borilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
minsport.uz