Matbuot anjumanida bosh murabbiy Ravshan Haydarov va futbolchimiz Saidumarxon Saidnurullayev ishtirok etdi.
Ravshan Haydarov:
— Assalomu alaykum. Avvalambor, mana shu musobaqada ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Tashkiliy tomondan barchasi ajoyib, OFK hamda mahalliy tashkiliy qoʻmitaga minnatdorchilik aytaman, barcha jamoalarga omad tilayman.
— Biz bu musobaqani yaxshi koʻramiz va hurmat qilamiz. Bu turnirda reytingimiz baland, har doim yuqori natijalar qayd etib kelamiz. Oʻylaymanki, bu galgi musobaqada ham munosib ishtirok etib, yuqori natijaga erishamiz.
Guruhdagi raqiblar haqida
— Albatta, guruhimizda kuchli jamoalar yigʻilgan. Ularning tajribalari va imkoniyatlarini bilamiz. Yosh tarkib bilan ishtirok etishimizga qaramay, men jamoamizga ishonaman. Futbolchilar bilan suhbatda bu turnir ularga koʻprik vazifasini oʻtab berishini aytib oʻtdim.
Saidumarxon Saidnurullayev:
— Tayyorgarlik yaxshi boʻldi. Biz dastlab Toshkentda, keyin Qatarda yigʻin oʻtkazdik. Adaptatsiya yetarli boʻldi. Asosiy maqsadimiz — musobaqada munosib qatnashib, yuqori natija qayd etish.
Ichki muhit haqida
— Ichki muhit ajoyib, hamma yaxshi kayfiyatda. Oldimizda qanday turnir turganini bilamiz, jamoamiz musobaqaga 100 foiz tayyor.