Bangkok shahrida turkiyzabon davlatlar futbol assotsiatsiyalari mutasaddilari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Assotsiatsiyalar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishga qaratilgan uchrashuvda Oʻzbekiston futbol assosiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ishtirok etdi.
Toshkentda oʻtkazilgan avvalgi uchrashuvda tomonlar oʻrtasidagi memorandumlar va hamkorlik kelishuvlari imzolangan boʻlib, unga muvofiq mazkur mamlakatlarda futbolni rivojlantirish va ommalashtirish, turli yoshdagi terma jamoalar oʻrtasida xalqaro musobaqalarni tashkil etish boʻyicha qadamlar tashlandi.
Xususan, joriy yilga kelib Turkiyada UEFAga aʼzo 4 mamlakat — Vengriya, Turkiya, Ozarbayjon va Qozogʻiston hamda OFKning Oʻzbekiston, Turkmaniston va Qirgʻiz Respublikasi oʻsmirlari oʻrtasida ilk bor U-16 turniri tashkil etilishi maʼlum qilindi. Bunday xalqaro turnir muxlislarning katta qiziqishiga sabab bo‘lishi bilan birga, ishtirokchilar uchun har yili o‘tkaziladigan U-17 JCh oldidan tayyorgarlik vazifasini bajaradi.
Bundan tashqari, assotsiatsiyalar mutasaddilari futbol boʻyicha mutaxassislar, murabbiylar tayyorlash va oʻzaro tajriba almashish, futbol assotsiatsiyalari oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarini keng muhokama qildilar.