Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Superliganing 18-turi doirasidagi “Soʻgʻdiyona” — “Navbahor lochinlari” uchrashuvi yakunlangandan soʻng “Navbahor lochinlari” futbol klubining bosh murabbiyi Samvel Babayan bilan mahalliy muxlis hamda OAV vakili ishtirokida vujudga kelgan vaziyat oʻrganib chiqildi.
2022 yilning 10 sentyabr kuni Oʻzbekiston Professional futbol ligasiga Superliganing 18-turi doirasidagi “Soʻgʻdiyona” — “Navbahor lochinlari” uchrashuvi komissaridan kelib tushgan bildirgiga asosan, “Navbahor lochinlari” futbol klubining bosh murabbiyi Samvel Babayan uchrashuv yakunlangandan soʻng matbuot anjumani zaliga kirish chogʻida mahalliy muxlis bilan tortishgani, mazkur holatni oʻzining telefoni orqali video tasvirga tushirib turgan championatasia.uz sayti fotomuxbiri Jahongir Fayzullayevni koʻrib qolgani, Samvel Babayan oʻz yordamchilariga ushbu telefonga yozilgan video materialni oʻchirishini buyurgani, yordamchilari esa jurnalistga tazyiq oʻtkazib telefondagi yozuvlarni oʻchirtirishga majbur qilgani aniqlandi.
Mazkur vaziyat Tartib-intizom qoʻmitasining yigʻilishida “Navbahor lochinlari” futbol klubi bosh murabbiyi Samvel Babayan, championatasia.uz sayti fotomuxbiri Jahongir Fayzullayev, ushbu sayt jurnalisti Faxriddin Roʻziyev ishtirokida koʻrib chiqildi. Yigʻilishda taraflarning koʻrsatmalari, taqdim etilgan maʼlumotlar asosida Samvel Babayan etika qoidalariga zid xatti-harakatlar sodir etgan deb topildi.
Tartib-intizom qoʻmitasining qaroriga koʻra, Samvel Babayanga nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
Barcha murabbiy, futbolchi, hakam va rasmiylarga murojaat qilib, har qanday vaziyatda ehtiroslarga berilmasdan, ogʻir-vazmin va professional boʻlishga chaqiramiz. Shu oʻrinda Sizlar oʻsib kelayotgan yoshlar uchun oʻrnak-namuna ekanliklaringizni yana bir bor eslatib oʻtamiz!