O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes va futbolchimiz Odiljon Hamrobekov Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasiga qarshi uchashuv oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Srechko Katanes:
— Avvalambor samimiy mehmondo‘stlik uchun tashakkur bildirmoqchiman. Tayyorgarlik yaxshi o‘tdi, ertangi o‘yinga tayyormiz. Jahon chempionatiga yo‘l olish uchun har bir uchrashuvda yaxshi natija qayd etishimiz shart.
Adaptatsiya haqida
— Biz qo‘shnilarmiz, o‘rtadagi masofa juda yaqin va ikki mamlakat o‘rtasidagi masofani bor-yo‘g‘i bir soatda bosib o‘tdik. Futbolchilarga adaptatsiya uchun hech qancha vaqt kerak bo‘lgani yo‘q.
Futbolchilarning jismoniy holati haqida
Jismoniy holat yomonligi o‘tgan o‘yindan so‘ng ortda qoldi. O‘sha bahsda biz 11 nafar askarlarga qarshi o‘ynadik deyishimiz mumkin. Ular jismoniy jihatdan yaxshi holatda edilar. Biz ko‘plab vaziyatlar yaratdik. O‘ylaymanki ertangi bahsda ham ustunlikka erishamiz.
Odiljon Hamrobekov:
— Murabbiyimiz ta’kidlaganidek, avvalo mehmondo‘stlik uchun minnatdormiz. Bu bosqichda kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q, shunday ekan biz ham ertangi bahsda faqat va faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz hamda o‘zimiz uchun kerakli natija bilan ortga qaytishga harakat qilamiz.
Jamoalarning so‘nggi qarama-qarshiligi haqida
— Osiyo kubogi oldidan Qirg‘iz Respublikasi jamoasini yirik hisobda mag‘lub etganmiz, biroq o‘sha bahs ikkala jamoa ham ko‘proq jismoniy jihatga e’tibor qaratgan paytga to‘g‘ri keldi. Ertangi bo‘ladigan uchrashuvimiz esa mundial yo‘llanmasi uchun haqiqiy saralash o‘yini bo‘ladi. Ertangi uchrashuvning ahamiyati yuqori, chunki raqibimiz o‘rtoqlik va rasmiy o‘yinlarga umuman boshqacha tayyorgarlik ko‘radi. O‘ylaymanki, murosasiz va qiziqarli bahs bizni kutib turibdi.