Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa Markaziy Osiyo mintaqasining O‘zbekiston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston futbol rahbariyati bilan uchrashib, yaqin yillardagi hamkorlik rejalari va mintaqada futbolni rivojlantirishning keyingi qadamlari yuzasidan oʻzaro fikr almashdi. Uchrashuvda OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ham ishtirok etdi.
OFK prezidenti Shayx Salmon Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi a’zolari so‘nggi yillarda sezilarli yutuqlarga erishganini ta’kidladi.
“O‘zbekiston 2022-yilda U-23 Osiyo kubogi, 2023-yilda U-20 Osiyo kubogi va 2024-yilda futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionati yuqori darajada tashkil etilganini e’tirof etib, O‘zbekiston yirik turnirlarni o‘tkazishga qodir ekanini yana bir bor isbotladi”, – dedi Shayx Salmon.
Shuningdek, OFK prezidenti O’zbekiston milliy terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichidagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan mundial yo’llanmasini qo’lga kiritishga yaqin turganini aytib, jamoamizga omad tiladi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari futbol federatsiyalari tomonidan ko‘rsatilayotgan tashabbus hamda harakatlar, mintaqadagi yoshlar va ayollar futbolini rivojlantirish loyihalarni ijobiy baholadi.
OFK rahbari mintaqadagi futbolni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun kelgusida yangi tashabbuslarni amalga oshirish, hamkorlikni kuchaytirish va o‘zaro tajriba almashish zarurligini ta’kidladi. U, shuningdek, futbolning o‘sishi uchun birgalikda ishlash, yangi g‘oyalar va loyihalarni hayotga tatbiq etishning ahamiyatini qayd etdi. Mintaqadagi barcha futbol assotsiatsiyalari o‘zaro hamkorlikda kelajakdagi yangi natija va imkoniyatlarga ega bo‘lishiga ishonch bildirdi.
O‘z navbatida O‘FA birinchi vitse-prezidenti mamlakatimiz mezbonlik qilgan xalqaro turnirlar biz uchun katta tajriba bo‘lgani, Markaziy Osiyo mamlakatlari kelajakda bundan-da yirik futbol turnirlarini o‘tkazishni maqsad qilgani, bu esa yurtimizdagi futbol muxlislari uchun haqiqiy bayram bo‘lishini ta’kidladi.
“Markaziy Osiyoda futbol yildan-yilga rivojlanib bormoqda. So‘nggi Osiyo kubogida mintaqaning to‘rt jamoasi (O‘zbekiston, Eron, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasi) pley-off bosqichiga yo‘l olgani buning isboti, deyishimiz mumkin. Kelgusida mintaqamizda Osiyo kubogini o‘tkazish, eng asosiy maqsadlarimizdan biridir”, – dedi Ravshan Irmatov.