Bugun OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bolalar futbolini rivojlantirish boʻyicha taniqli nemis mutaxassisi Andrey Vaybert bilan uchrashdi.
Suhbat davomida Ravshan Ermatov har bir jamoaning asosi — akademiyalar va bolalar futboli hisoblanishi, shu sababli mazkur sohani rivojlantirish eng dolzarb vazifalardan biri ekanligini taʼkidladi.
Andrey Vaybert Markaziy Osiyo davlatlari ichida Oʻzbekistonda bu yoʻnalishga eʼtibor yuqori ekanligini eʼtirof etdi. Shuningdek, futbolchilarni tayyorlashning maxsus tizimlarini joriy etish, jismoniy va ruhiy tayyorgarlik, turli yosh toifasida oʻsmirlar oʻrtasida musobaqalarni oʻtkazish borasidagi Germaniya tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Ravshan Ermatov Andrey Vaybertga tegishli Germaniyadagi akademiyalarning faoliyati va infrastrukturalarini oʻrganish, oʻzbekistonlik murabbiylarni amaliyotga jalb qilish, iqtidorli, yosh futbolchilarimizni tajriba almashish uchun Germaniya akademiyalariga yuborish borasida oʻz takliflarini bildirdi.
Oʻz navbatida, nemis mutaxassisi kelajakdagi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga doimo tayyor ekanligini taʼkidladi.