Saudiya Arabistoni yashil maydonlarida davom etayotgan 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi musobaqasi hal qiluvchi pallaga kirib keldi. Guruh bosqichi yakuniga yetib, 16 jamoadan 8 tasi musobaqani tark etdi. Guruhlarda 1 va 2-o‘rinlarni egallagan jamoalar endi chorak final bosqichida kurashni davom ettiradi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi “C” guruhini peshqadam sifatida yakunlab, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Xitoy esa “D” guruhida Iroq (0:0), Avstraliya (1:0) va Tailand (0:0) terma jamoalariga qarshi bahslarda 5 ochko jamg‘arib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
O‘zbekiston — Xitoy: o‘zaro uchrashuvlar
O‘zbekiston va Xitoy U-23 terma jamoalari Osiyo kubogi doirasida shu kunga qadar uch bor ro‘baro‘ kelgan bo‘lib, barcha uchrashuvlarda jamoamiz g‘alaba qozongan.
1. 2013-yil
U-22 maqomida ilk bor tashkil etilgan turnirda jamoamiz guruh bosqichida Xitoy bilan to‘qnash kelgan. Krimets va Sergeyev kiritgan gollar evaziga raqib mag‘lub etilgan.
O‘zbekiston 2:1 Xitoy
2. 2018-yil
Ravshan Haydarov boshqaruvidagi U-23 terma jamoamiz Xitoy mezbonligida o‘tgan Osiyo kubogida chempionlikni qo‘lga kiritgan. Guruh bosqichida mezbon Xitoy Alijonovning yagona goli evaziga mag‘lub etilgan.
Xitoy 0:1 O‘zbekiston
3. 2020-yil
Tailandda bo‘lib o‘tgan U-23 Osiyo kubogida O‘zbekiston va Xitoy “C” guruhidan o‘rin olgan. Qobilov va To‘xtasinov gollari evaziga jamoamiz ishonchli g‘alabaga erishgan.
O‘zbekiston 2:0 Xitoy
Shuningdek, jamoalar o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari ham muntazam o‘tkazib kelinadi. So‘nggi bor 2025-yil noyabr oyida Xitoyda tashkil etilgan xalqaro turnir doirasida tomonlar o‘zaro to‘qnash kelib, bahs 0:0 hisobida yakunlangan.

Uchrashuv oldidan
Chorak final bahsi arafasida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi darvozaboni Samandar Muratbayev Xitoyga qarshi o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
“Xitoy biz uchun begona jamoa emas. Ular bilan ko‘p o‘ynaganmiz. Xudo xohlasa, o‘z o‘yinimizni namoyish etib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.”

Mazkur bosqichda g‘alaba qozongan jamoa yarim finalda Vyetnam — BAA uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahs 20-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston — Xitoy o‘rtasidagi chorak final uchrashuvi 17-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:30da Jidda shahridagi “Prince Abdullah Al Faisal Sports City” stadionida start oladi.