Ertaga Lyubinko Drulovich boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionatidagi ishtirokiga kirishadi.
Ilk to‘qnashuvda vakillarimizga eronlik olimpiyachilar raqiblik qiladi. Bugun mazkur o‘yin oldidan har ikki jamoa rasmiylari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda jamoalar ertangi bahsni qanday libosda o‘tkazishlariga oydinlik kiritildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ertaga oq rangli sport formalarida maydonga tushadi. Darvozabonimiz egnida esa sariq rangli libos bo‘ladi. Eron termasi esa qizil rangdagi formada o‘ynaydi. Raqib posboni qora rangdagi forma kiyadi. Uchrashuv hakamlari esa ko‘k libosda maydonga chiqishadi.
Ta’kidlab o‘tamiz, mazkur uchrashuv ertaga, 9-yanvar kuni Songxla shahridagi “Tinsulanon” stadionida mahalliy vaqt bilan soat 17:15da (Toshkent vaqti bilan soat 15:15da) boshlanadi.