So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sport xususan futbolni tizimli rivojlantirishga qaratilgan e’tibor hamda O‘FA rahbariyati va mutasaddilarining sa’y-harakatlari natijasida milliy terma jamoalarimizning Jahon chempionatlarida muntazam va munosib ishtirok etishini ta’minlash maqsadida o‘zbek futbolida eng zamonaviy texnologiyalar va ilmiy uslublarni tatbiq etish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi futbolchilari Moskva shahrida o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida zamonaviy sport tibbiyoti texnologiyalari asosida jismoniy tayyorgarlik testlarini topshirdilar. Ushbu testlar VALD Performance tizimi yordamida amalga oshirildi.
Bugungi kunda sport tibbiyoti va reabilitatsiya sohasida eng ilg‘or texnologiyalarni taklif etayotgan VALD Performance kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan tizim dunyo miqyosidagi ko‘plab sport klublari, terma jamoalar va reabilitatsiya markazlari tomonidan faol qo‘llanilmoqda. Ushbu tizimlar sportchilarning mushak holati, harakat biomexanikasi, umumiy jismoniy tayyorgarligi va aqliy salohiyatini aniq baholash imkonini beradi.
VALD Performance qanday tizimlarni taklif etadi?
NordBord – son orqa mushaklarining kuchi va muvozanatini aniqlash uchun mo‘ljallangan. U asosan jarohat xavfini baholash va reabilitatsiya samaradorligini nazorat qilishda qo‘llaniladi.
Modulli tizimlar – tananing turli mushak guruhlarini (son, tizza, tovon, bo‘yin va h.k.) izometrik kuch bo‘yicha test qilish va mashq qilishga mo‘ljallangan.
HumanTrak 3D tizimi – kameralar va inersiya sensorlari yordamida harakatlarni 3D formatda tahlil qiladi. Bu tizim futbolchining texnikasi, harakat muvozanati va biomexanik muammolarini aniqlash imkonini beradi.
AirBands – mashg‘ulot vaqtida qon aylanishini nazorat qilib, mushaklarning samarali faoliyatini ta’minlaydigan innovatsion manjetlar tizimi.
SmartSpeed – tezlikni o‘lchash va uni oshirish.
DynaMo – kuch va harakat burchagini o‘lchovchi zamonaviy dinamometr va inklinometr.
Tizim o‘zbek futboli uchun qanday foyda keltiradi?
VALD Performance tizimining o‘zbek futbolida joriy qilinishi bir nechta muhim yo‘nalishda foyda keltiradi:
✅ Jarohatlar profilaktikasi – NordBord va boshqa test tizimlari yordamida sportchilarning jarohat xavfi oldindan aniqlanadi, bu esa murabbiylar va shifokorlarga ehtiyot choralarini ko‘rish imkonini beradi.
✅ Individuallashtirilgan reabilitatsiya – jarohat olgan futbolchilar uchun har bir bosqichda mushak holati aniqlik bilan kuzatilib, tiklanish jarayoni nazorat ostida olib boriladi.
✅ Jismoniy imkoniyatlarni maksimal darajada aniqlash – HumanTrak va SmartSpeed tizimlari yordamida futbolchilarning texnik va jismoniy ko‘rsatkichlari chuqur tahlil qilinadi, bu esa ularning imkoniyatlarini to‘liq ochib berish imkonini yaratadi.
✅ Ilmiy asoslangan mashg‘ulot jarayoni – aniq raqamlar va biomexanik tahlillarga asoslangan mashg‘ulotlar futbolchilarning o‘sish dinamikasini aniqlash va optimallashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbek futbolining jahon darajasiga chiqishi uchun raqamli tahlil va zamonaviy sport texnologiyalari juda muhim omil hisoblanadi. VALD Performance tizimlaridan foydalanish esa, shubhasiz, milliy terma jamoalarimiz va klublarimizdagi futbolchilar salomatligini asrash, ularning jismoniy tayyorgarligini ilmiy asosda baholash va rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.
Test natijalari terma jamoa murabbiylari va tibbiyot xodimlariga har bir futbolchi uchun individual mashg‘ulot va tiklanish rejasini tuzishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa yosh futbolchilar salomatligi, kurashlarga tayyorligi va aqliy va jismoniy jihatdan samarali o‘sishini ta’minlaydi.
O‘FA tomonidan yosh futbolchilar salomatligini saqlash va ularning tayyorgarlik jarayonini xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish maqsadida shunday zamonaviy texnologiyalardan foydalanilayotgani — futbolga ilmiy va innovatsion yondashuvning amaliy ifodasidir.
