Aziz futbol muxlislari, bilasiz, ayni damda koronavirus pandemiyasi sabab barchadan uyda qolish talab etiladi.
Pandemiya sabab deyarli butun dunyoda futbol uchrashuvlari o’tkazilmayapti. O’zbekiston U-15 ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Ilhom Hanjariev hozirda terma jamoaga nomzod futbolchi qizlar uyda qay tartibda shug’ullanishayotgani haqida gapirib berdi:
– Hozirda karantin bo’lgani sabab O’zbekiston U-15 ayollar terma jamoasi a’zolari ham uyda qolishmoqda. Men terma jamoa ustozi sifatida nomzod qizlarning o’z klublaridagi bosh murabbiylari bilan, qolaversa, aksariyat futbolchilarning o’zlari bilan ham muntazam aloqada bo’lib turibman. Barcha futbolchilar sog’lom. Hozirda qizlar o’z energiyalarini sarflaydigan yoshda va ularning mashg’ulotlarga bora olmayotganliklari biroz dilni xira qiladi. Mart oyida o’quv-mashg’ulot yig’ini o’tkazishni ham rejalashtirgan edik. Lekin butun dunyoda yuzaga kelgan vaziyat tufayli ushbu yig’inni keyinroqqa qoldirdik.
Lekin shunga qaramasdan futbolchi qizlar o’z uylarida bo’lsa-da mashg’ulotlarni davom ettirishmoqda. Jarayonni klublar bosh murabbiylari nazorat qilib borishyapti, qolaversa men ham o’z tavsiya va ko’rsatmalarimni berib boryapman. Hozirda ular asosan texnik va fizik jihatlarini yaxshilash borasida ish olib borishyapti.
Barchamiz karantin davri tugashini va mashg’ulotlar boshlanishini intiqlik bilan kutyapmiz.
O’zbekiston U-15 ayollar terma jamoasi a’zolari nomidan xalqimizga, barcha-barchaga sog’lik va sabr tilaymiz! O’zingizni va yaqinlaringizni asrang!, – dedi mutaxassis.